08:47, Avgust 6, 2026
/
316

Akkreditatsiyadan o‘tmagan tibbiyot OTMlari talabalari boshqa oliygohlarga ko‘chiriladi

Qirg‘iziston Sog‘liqni saqlash vazirligi davlat akkreditatsiyasidan o‘tmagan tibbiyot oliygohlari va kollejlarida tahsil olayotgan talabalar akkreditatsiyadan o‘tgan ta’lim muassasalariga markazlashgan tartibda ko‘chirilishini ma’lum qildi.

Shu munosabat bilan 2026-yil 3-avgustdagi 912-sonli buyruq bilan talabalarni markazlashgan tartibda ko‘chirish nizomi tasdiqlandi.

Ko‘chirilishi belgilangan talabalar 2026-yil 10-avgustgacha ariza va zarur hujjatlarni topshirishlari kerak. Hujjatlar qabul qilingach, qabul qiluvchi akkreditatsiyadan o‘tgan oliy ta’lim muassasasi ularni belgilangan tartibda ko‘rib chiqadi va talabani o‘qishga qabul qilish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qiladi. 

Qirg‘iziston Sog‘liqni saqlash vazirligi talabalarni ko‘chirish faqat davlat tomonidan belgilangan tartib asosida, mutlaqo bepul va hech qanday to‘lov undirilmagan holda amalga oshirilishini alohida ta’kidladi.

Shuningdek, vazirlik talabalar va ularning ota-onalarini faqat rasmiy axborot manbalariga ishonishga hamda belgilangan muddatlarga amal qilishga chaqirdi.

Talabalar quyidagi OTMlarga ko‘chiriladi:

– Akkreditatsiyadan o‘tmagan tibbiyot OTMlarida tahsil olayotgan qirg’iziston fuqarolarining barchasi – I.K. Axunbayev nomidagi Qirg‘iz davlat tibbiyot akademiyasiga.

– Roel Metropolitan University talabalari – Janubiy Osiyo universitetiga.

– “Avitsenna” xalqaro universiteti va “Altamimi” xalqaro universiteti talabalari – Xalqaro Yevropa universitetiga. 

Markaziy Osiyo xalqaro tibbiyot universitetining Farmatsiya yo‘nalishi talabalari – B. Osmonov nomidagi Jalolobod davlat universitetiga;

– Davolash ishi yo‘nalishi talabalari – Jalolobod xalqaro universitetiga.

– Salimbekov universiteti, Adam universiteti hamda I. Arabayev nomidagi Qirg‘iz davlat universitetining “Davolash ishi” yo‘nalishi talabalari –  Xalqaro oliy tibbiyot maktabiga. 

– Yevrosiyo xalqaro universiteti va Xalqaro tibbiyot universiteti talabalari – Qirg‘iziston xalqaro universiteti o‘quv-ilmiy-ishlab chiqarish majmuasiga.

– Osh xalqaro tibbiyot universiteti talabalari – Osh davlat universitetiga.

– Bishkek xalqaro tibbiyot instituti va Xalqaro tibbiyot va fan universiteti talabalari – S. Tentishev nomidagi Osiyo xalqaro universitetiga.

– Qirg‘iz tibbiyot-stomatologiya instituti hamda “Ala-Too” xalqaro universitetining Stomatologiya va Farmatsiya yo‘nalishi talabalari – I.K. Axunbayev nomidagi Qirg‘iz davlat tibbiyot akademiyasiga ko‘chiriladi.

– Xalqaro Yevropa universiteti va “Avitsenna” xalqaro universitetining Stomatologiya yo‘nalishi talabalari – S. Tentishev nomidagi Osiyo xalqaro universitetiga, Xalqaro Yevropa universitetining 10-semestr stomatologiya talabalari esa I.K. Axunbayev nomidagi Qirg‘iz davlat tibbiyot akademiyasiga ko‘chiriladi.

Bundan tashqari, akkreditatsiyadan o‘tmagan tibbiyot kollejlarining talabalari ham tegishli akkreditatsiyadan o‘tgan kollej va texnikumlarga o‘tkaziladi. Jumladan, “Unikum”, Mediko-farmatsevtika kolleji №1, “Avitsenna bilim” kolleji, Pirogov, Issiqko‘l, Kochkor-Ota, Toktomatov va boshqa tibbiyot kollejlarida tahsil olayotgan talabalar turli davlat tibbiyot kollejlariga taqsimlanadi.

Shuningdek, “Jismoniy terapiya” mutaxassisligi talabalari o‘z arizasiga ko‘ra, o‘zlari tanlagan akkreditatsiyadan o‘tgan tibbiyot kollejlariga ko‘chirilishi mumkin.

Kollej talabalarini ko‘chirish Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 10-iyundagi 329-son qarori asosida amalga oshiriladi. Bunda o‘quv rejalari o‘rtasidagi akademik farq 30 kreditdan oshmasligi lozim. Qabul qiluvchi ta’lim muassasasi o‘quv dasturi mazmunidan kelib chiqib, o‘zlashtirilgan kreditlarni tan olish huquqiga ega.

Fikrlar (0)
Avval yangilari