Talabalar yotoqxonasiga ariza topshirishda muammolar yuzaga kelmoqda

Talabalar turar joyiga joylashish uchun my.gov.uz orqali ariza yuborayotgan foydalanuvchilarda imtiyozli toifalarni aniqlash jarayonida vaqtinchalik uzilishlar kuzatilishi mumkin.
Bunga Ijtimoiy himoya milliy agentligining “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimi serverlarida navbatdan tashqari profilaktik ishlar olib borilayotgani sabab bo‘lmoqda.
Profilaktik ishlar joriy yilning 10-avgustiga qadar davom etishi mumkin.
Agentlik axborot tizimi to‘liq ishga tushgach, talabalar tomonidan yuborilgan arizalardagi imtiyozli toifalar tizim orqali avtomatik ravishda qayta aniqlanadi.
Shu sababli ariza topshirgan foydalanuvchilardan xavotir olmaslik so‘ralmoqda. Yuzaga kelgan noqulayliklar uchun uzr so‘ralgan.