O‘qishni ko‘chirish natijalari e’lon qilinmoqda

Transfer.edu.uz platformasi orqali bir nodavlat oliygohdan boshqa nodavlat oliygohga o‘qishni ko‘chirish uchun topshirilgan arizalar bo‘yicha dastlabki natijalar e’lon qilina boshlandi.
Manbalarning yozishicha, bir necha kun avval topshirilgan arizalardan biriga ijobiy javob berilib, talabaning o‘qishini boshqa xususiy oliygohga ko‘chirish “tavsiya etildi”.
Natija talabaning Transfer.edu.uz’dagi shaxsiy kabinetida ham aks etgan.

E’tiborli jihati, “tavsiya etildi” statusi chiqqan talabalar keyingi rasmiylashtirish jarayonlarini ham kuzatib borishi lozim. Ariza natijasi va statusdagi o‘zgarishlarni Transfer.edu.uz’dagi shaxsiy kabinet orqali tekshirish mumkin.
Hozircha barcha arizalar bo‘yicha natijalar bir vaqtda shakllanmagan bo‘lishi ehtimoli ham mavjud. Shu sababli arizasi hali ko‘rib chiqilayotgan talabalar shaxsiy kabinetini muntazam tekshirib turishi tavsiya etiladi.