56,7 balldan yuqori ball to‘plab ham talaba bo‘lolmasligingiz mumkin

56,7 balldan yuqori ball to‘plab ham, hatto “super-kontrakt” asosida o‘qishga kirish imkoniyatidan foydalana olmaysiz. Agar 8-avgustgacha OTM va ta’lim yo‘nalishini tanlamasangiz.
Amaldagi tartibga ko‘ra, abituriyentlar 8-avgustga qadar, shu kuni ham, oliy ta’lim muassasasi va ta’lim yo‘nalishlarini tanlashi kerak. Ya’ni testda yetarli ball to‘plashning o‘zi talaba bo‘lish uchun kifoya qilmaydi. Abituriyent belgilangan muddatda tanlovni amalga oshirmasa, yakuniy tanlovda qatnasha olmaydi. Ertaga esa 8-avgust – yo‘nalish tanlashning oxirgi kuni.
Yo‘nalish qanday tanlanadi?
Buning uchun my.uzbmb.uz platformasidagi “Oliy va professional ta’lim muassasalariga qabul” bo‘limiga kirib, “Xizmatdan foydalanish” tugmasi orqali “OTM tanlash” bo‘limiga o‘tiladi.
Dastlab abituriyent:
– “Tanlov ustuvorligi”ni belgilaydi;
– “Maqsadli qabul” (agar tanlamoqchi bo‘lsa) bo‘yicha tanlovini amalga oshiradi.
Shundan so‘ng test topshirgan fanlar majmuasi va ta’lim tiliga mos 5 tagacha OTM va ta’lim yo‘nalishini tanlash mumkin.
Bunda yo‘nalishlarning barchasini bitta OTMdan yoki turli OTMlardan tanlashga ruxsat beriladi. Ta’lim shakli ham tanlov vaqtida belgilanadi.
Tanlovni SMS orqali tasdiqlash kerak
OTM va yo‘nalishlar tanlangach, “Saqlash” tugmasi bosiladi. Shundan so‘ng abituriyentning telefon raqamiga SMS-kod yuboriladi.
Kod platformaga kiritilib, tanlov tasdiqlangach, “Abituriyent qayd varaqasi” shakllanadi.
Unda tanlangan OTMlar, yo‘nalishlar, ta’lim shakllari va tanlov ustuvorligi aks etadi.
Abituriyentlar 8-avgust kuni muddat yakunlangunga qadar o‘z tanlovlarini o‘zgartirishlari mumkin.
Yakuniy mandat natijalari esa yo‘nalish tanlash jarayoni tugaganidan so‘ng bir hafta muddatda e’lon qilinadi.
Shuning uchun balingiz qancha bo‘lishidan qat’i nazar, 8-avgustgacha yo‘nalish tanlashni unutmaslik kerak.