Qimmat chipta, dim vagon, pullik aravacha: poyezd talabalar uchun qulay transportmi?

Odamlar fikricha, uzoq yo‘lga chiqish uchun eng xavfsiz transport – bu poyezd. Chunki unda avtomobillar kabi har kuni halokatlar yuz bermaydi. Tirbandlikda qolib ketmaydi, hojatxonadan muammo bo‘lmaydi. Shu bois ham o‘zbekistonliklarning katta qismi uchun uyga yoki biron bir manzilga eltib qo‘yishda aynan poyezd eng maqbul tanlov bo‘lib ulgurgan. Ayniqsa, talabalar ularning doimiy yo‘lovchisi, desak yolgְ‘on bo‘lmasa kerak. O‘zi uzoq va yaqin masofaga otlanish uchun poyezd xizmati qay darajada? Mavjud qulayliklar narxlarga arziydimi? Ushbu maqolada buni tahlil qilamiz.
Bir qarashda poyezdda uzoq yo‘lga safar qilish qulay va xavfsizdek ko‘rinadi, ammo…
Yaqin-yaqinga qadar poyezdlar orqali safarga otlanish arzon va xavfsizdek tuyulgan bo‘lsa, bugun aslo unday emas. To‘g‘ri, halokatga uchrash foizlari kam, lekin vagonlardagi jiddiy kamchiliklar yo‘lovchi ta’bini xira qilishi bor gap. Yaqinda bir talaba tomonidan tahririyatimizga murojaat kelib tushdi. Uning aytishicha, Toshkentdan Xorazmga borish unga 245 ming so‘mga tushgan.

To‘g‘ri kimlar uchundir bu juda kam summa bo‘lishi mumkin. Lekin talabalarning, qo‘yingki, oddiy o‘zbekistonliklarning moliyaviy ahvolidan kelib chiqib mulohaza qilinsa, bu narx ular uchun qimmatlik qiladi. Ha, talabalar o‘zi yilda 1-2 marotaba poyezdga bilet oladi va unda ham chiptani chegirma bilan xarid qiladi-ku, deyishingiz tabiiy. Ammo bir vaqtning o‘zida bir nechta qarama-qarshi haqiqatlar ham bisyor. Chegirma bor paytlari, chipta qolmaydi. Ijtimoiy tarmoqlarni kuzatsangiz, har bayramoldi mahalda talabalarning poyezdlarga chegirmali chiptalar qolmaganidan noroziligi haqidagi son-sanoqsiz izohlariga ko‘zingiz tushadi.
Deylik, talaba 610 ming so‘m stipendiya olayapti. Favqulodda sabablar tufayli u kutilmaganda uyiga, aytaylik, Xorazmga ketishga majbur bo‘ldi. Agar borish-qaytish xarajatlari, yo‘ldagi yegulik, suv hamda vokzalgacha bo‘lgan transport pullarini inobatga olsa, talabaning bir oylik stipendiyasi bunga mutlaqo yetmaydi.
Mabodo uning o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra yashash joyiga 1 oyda 2-3 marta borib-kelishiga to‘g‘ri kelsa, vaziyat yanada og‘irlashadi. Bunday holda talabaning yo tanish-bilishdan qarz olishdan, yoki bugungi kunda internet orqali har qadamda reklama qilinayotgan tezkor kreditlarga murojaat qilishdan boshqa chorasi qolmaydi. Bu esa, o‘z navbatida, yoshlarni moliyaviy qiyinchiliklar girdobiga sho‘ng‘itishi mumkin.
Murojaat
Tahririyatga murojaat qilgan talabalarning aytishicha, poyezdlarda konditsionerlar ishlayotgan bo‘lsa-da, ularning sovutish kuchi sezilmaydi – nomiga yoqib qo‘yilgandek, go‘yo. Biroq, bu yerda bir jihatni inobatga olish kerak: talabalar sezganicha bor. Zero, bundan bir necha yil oldin, ijtimoiy tarmoqlarda poyezd chiptalari narxi oshib, sifati o‘zgarmagani keskin tanqid qilinganda, “O‘zbekiston temiryo‘llari” AJ bir necha yo‘nalishdagi poyezdlar eskirganini rasman tan olgan edi.
O‘tgan asr boshlarida poyezdlardan asosan yuk tashishda foydalanilgan bo‘lsa, vaqt o‘tishi bilan ulardan yo‘lovchi tashishda ham foydalanish boshlandi va talab ortib bordi. Yengil avtomobillar hali ommalashmagan vaqtda, odamlar uchun bir shahardan ikkinchisiga borishda poyezdlar eng arzon va qulay variant bo‘lgan. O‘z davrida yetarli sharoitga ega bo‘lgan poyezd vagonlari, oradan bir asr o‘tib ham, yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatib kelmoqda.
Orangizda “nima uchun bir asr oldingi vagonlardan voz kechilmaydi, yo temiryo‘lni rivojlantirishga mablag‘ yo‘qmi?” deydiganlar ham topiladi. Aslida pul bor…
2023-yilda davlat byudjetidan aynan Transport vazirligiga 5 trln 195 mlrd so‘m miqdorida pul ajratilgan. 2024-yilda bu summa 20 foizga oshib, 6 trln 185 mlrd 909,4 mln so‘m pul ajratilgan. Lekin yuqorida keltirilgan summaning qanchasi aynan temiryo‘llarga berilgani bizga qorong‘i.
Bundan tashqari, har 6 oyda taxminan 7 milliondan ziyod aholi temiryo‘llar xizmatidan foydalanishini hisobga olsak, bu soha o‘zini to‘liq bo‘lmasa ham qisman boqa oladi. Yiliga 14 mln foydalanuvchisi bor bo‘lgan “O‘zbekiston temiryo‘llari”ning bir yillik daromadini taxminan hisoblasak: bir kishi uchun 1 dona chipta narxini o‘rtacha 250 ming so‘m deb olib, 250 mingni 14 millionga ko‘paytiramiz. Umumiy summa 3 trln 500 milliardga yaqin bo‘ladi. Balkim undan ko‘pdir. Bundan tashqari, yiliga kamida bir marta chipta narxlari oshadi. Xullas, muammo faqat puldaligiga ishonish qiyin.
Talabalarning so‘zlariga ko‘ra, ustiga ustak cho‘l hududidan o‘tilganda poyezd derazalarini ochishga ruxsat yo‘q. Bu qaysidir ma’noda to‘g‘ri taqiq, ya’ni qum zarralari poyezdga kirib inson salomatligiga xavf solishi, u yeyayotgan ovqatga yoki ichayotgan suyuqlikka tushib, salbiy oqibatlarni keltirib chiqarishi haqiqatdan yiroq emas. Ammo poyezd cho‘l yerlarni taxminan 3-4 soatda bosib o‘tishi va deraza yopiq turganda toza havoning buzilishi, qolaversa hojatxonadan chiqayotgan badbo‘y hidning issiq ob-havoda yo‘lovchilarni yana ham betoqat qilishi ularga safar davomida noqulayliklarni keltirib chiqaradi. Yetmaganiga poyezd biror manzildagi vokzalda to‘xtasa, konditsioner ham ishlashdan to‘xtaydi. O‘z bunaqa holatlarda nima qilinishi kerak?
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi e’lon qilgan tartibga ko‘ra, poyezd tarkibidagi yo‘lovchi vagonining sovitish tizimlari ishlamagani bo‘yicha murojaatlar o‘z tasdig‘ini topgan hollarda, mazkur yo‘lovchilarga havo haroratini moʻtadillashtirish va sovitish tizimlari ishlamagani uchun tegishli miqdordagi pul mablag‘lari kompensatsiya sifatida qaytarib berilishi lozim.
Iqtisodchi Otabek Bakirov
Iqtisodchi Otabek Bakirov o‘z sahifasida bu masala yuzasidan shunday yozadi: “Har yili yoz keldi deguncha O‘zbekiston poyezdlarining sovutish tizimi ishlamasligi yo‘lovchilarning muammosiga aylanadi. Va temiryo‘lchilarning rahbarlari har yili vagonlarning sovutish tizimini tuzatamiz deya qasam ichishadi. Kimdir bularga va’dalarini eslatadimi? Mablag‘larning maqsadli sarflanishi o‘rganiladimi? Nega 21-asrda vagonlarda sovutish tizimi ishlamasligi kerak? Po‘rim kabinetingizda yoki o‘zingiz uchun maxsus jihozlangan vagonlaringizda konditsioner ishlamasa, qancha chidaysizlar, janoblar?”.
Albatta, tarmoqlardagi e’tirozlarga “O‘zbekiston temiryo‘llari” jim turmaydi. Tashkilot “dejurniy” bayonot bilan qutuladi. AJ doimgidek foydalanilayotgan ayrim vagonlar ishlab chiqarilganiga 30 yildan oshgani, texnik shartlariga ko‘ra, tashqi havo harorati 40 darajadan yuqorilab ketganda, tizimning sovitish samaradorligi yo‘qolishi haqida aytib, aravani quruq olib qochadi.
“O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” kompaniyasining hozirda bosh muhandisi bo‘lmish Sharofiddin Qodirov 2024-yilda tashkilot rahbarligida paytida Kun.uz’ga intervyu berib, poyezdlar to‘xtab turganida ham konditsioner ishlashda davom etishini aytgandi. Lekin hali hanuz bu ishlar yo‘lga qo‘yilmadi. Tahririyatga bog‘langan murojaatchi talabalar ham buni tasdiqlaydi. Qodirov o‘shanda tarmoqda videosi tarqalgan, shou-biznes vakillari bo‘lgan vagonda sovitish tizimi ishlamaganiga izoh bergandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, muqobil energiyada ishlashga moslashtirilmagan 100 ta vagon ekspluatatsiyadan chiqariladi, chunki ular vokzalda turgan vaqtda elektr energiyasi bilan ta’minlanmaydi, faqat poyezd yurganidan keyingina generator ishlab, tok beradi. “Endi biz dizel poyezdlar yaratyapmiz. Oldida dizel bo‘ladi, siz chiqsangiz, vokzalda turgan paytda ham ichida harorat ushlab turiladi. Muqobil elektr energiyasi ishlab chiqarib, ta’minlab turiladi. Biz shu narsa bo‘yicha o‘zimiz kurashyapmiz. Lekin buzilib qolish holatlari, bu – texnika. 320 ta vagondan boring 2-3 tasi buzilib qolishi holati ham bo‘lishi mumkin, bu – texnika. Biz har doim choralarini ko‘rib turamiz”, – degandi amaldor.
Ammo bugun ularning qanchasi ishlatilyapti yoki ishlatilmayapti, bunisi qorong‘i.
“Doim biletlarni onlayn xarid qilaman. Xarid qilganda konditsionerli bilet uchun to‘lov qilaman. Poyezd yurgandan keyin esa konditsioner ishlamaydi, to‘lagan pulimga kuyib qolaman. Bugungi kun talablariga vagonlar umuman javob bermaydi. Shunday vaziyatda yana bilet narxlari kun ora oshadi. Oshganiga yarasha qaniydi, vaziyat ham yaxshilansa. Menimcha, “O‘zbekiston temiryo‘llari” iste’molchilar huquqlarini buzyapti. Ularga nisbatan chora ko‘rish vaqti keldi, deb o‘ylayman”, – deydi talabalardan biri.

Poyezdlardagi hojatxonalar holati – butunlay alohida mavzu
Ayrim vagonlardagi manzarani ko‘rib, “bunga kirgan xorijlik turistlar qanday xulosaga kelar ekan?” degan o‘y kishini qiynaydi. Holat sanitariya talablariga umuman javob bermaydi. Biroq qars ikki qo‘ldan chiqishini ham unutmasligimiz kerak. Ba’zi yo‘lovchilarimiz jamoat joylaridan foydalanishning eng oddiy qoidalarini ham bilmaydi yoki bilsa-da, o‘zidan keyin tosh asriga xos “imzo” qoldirib ketishga odatlangan. Toki jamoat mulkiga bo‘lgan munosabatimiz o‘zgarmas ekan, chet elliklar oldida o‘zimizni salbiy tomondan ko‘rsatishda davom etaveramiz.
Yana bir masala. Yaqinda Toshkentdan Xivagacha “Jaloliddin Manguberdi” tezyurar poyezdi yo‘lga qo‘yildi. Ammo chipta narxlarini ko‘rib, yoqa ushlaysiz: eng arzon joy 780 ming so‘m bo‘lsa, eng qimmati 2 million so‘mga yetadi.
To‘g‘ri, bunday narx evaziga yo‘lovchilarga yuqori darajadagi, qariyb “aristokratlarga xos” xizmat ko‘rsatilishi kutiladi. Lekin shundog‘am xarajatlari ko‘p bo‘lgan oddiy talabalar va o‘rtahol yo‘lovchilarning cho‘ntagiga bu narxlar og‘irlik qilishi aniq.


Oddiy poyezdlarda nimalar bepul bo‘lishi kerak?
Tegishli hukumat qaroriga ko‘ra, temiryo‘l xizmatidan foydalanuvchilarga quyidagilar mutlaqo bepul taqdim etilishi belgilangan:
- Yuk aravachalari;
- Chiptasi bor yo‘lovchilar uchun hojatxona;
- Ona va bola xonasidan foydalanish;
- Kutish zalida Wi-Fi;
- Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun aravachalar;
- Tibbiy yordam punkti xizmatlari;
- Yo‘l davomida telefon va noutbuklarni quvvatlash;
- Kutubxona;
- Choy, ichimlik suvi va shakar.

Qog‘ozda tekin, amalda-chi?
Vokzalga katta yuk bilan kelib qolsangiz, egniga temiryo‘l xodimining libosini kiyib olgan ayrim kishilar aravachalar pullik ekanini uqtira ketishadi. Ular bu narxlarni osmondan olyaptimi yoki kimdir shunday “yozilmagan” buyruq berganmi? Axir, qonunan bu xizmat bepul-ku! Poyezdiga kechikayotgan, shoshilib turgan yo‘lovchi esa noiloj bu to‘lovga rozi bo‘ladi yoki aslidagi o‘zining haqqi bo‘lgan bepul xizmatdan mosuvo bo‘ladi.
O‘tgan asrdan qolgan vagonlar: o‘zgarish qachon?
Vagonlarimiz eskirib, tamom bo‘lganini ularning tashqi ko‘rinishi ham, ichidagi abgor sharoit ham ochiq aytib turibdi. Endi yo‘lovchilarni o‘rinli bir savol qiziqtiradi: vaziyat qachon butunlay yaxshilanadi?
Biz sanab o‘tayotgan kamchiliklar bugunning muammosi emas. Bu – yillar davomida bong urilayotgan, ammo hanuzgacha yechimini topmayotgan masaladir. Boshqa davlatlar bunday muammolarga o‘tgan asrning o‘zidayoq barham berib bo‘lgan. O‘zbekiston temiryo‘l tizimida ham bunday yondashuvlardan voz kechib, hammasini tubdan yangilaydigan payt allaqachon kelgan!