Gruziyada davlat universitetlarida o‘qish bepul bo‘ladi

2026–2027-o‘quv yilidan boshlab Gruziya fuqarolari mamlakatdagi davlat universitetlarida bepul ta’lim olishlari mumkin.
Yangi tizimga ko‘ra, ta’lim uchun davlat tomonidan ajratiladigan mablag‘ talabaning akademik natijalari va o‘quv jarayonidagi ishtirokiga bog‘liq bo‘ladi.
Gruziya bosh vaziri Irakli Kobaxidzening ta’kidlashicha, agar talaba bir semestr davomida ikki fandan imtihondan o‘ta olmasa, bu uning o‘qishdagi faolligi yetarli emasligidan dalolat berishi mumkin. Bunday holatda uchinchi semestrdan boshlab davlat tomonidan ajratiladigan moliyalashtirish kamaytirilishi mumkin.
Hukumat yangi tizim orqali oliy ta’limni fuqarolar uchun yanada qulay qilish, shu bilan birga talabalarni yaxshi o‘qishga rag‘batlantirishni maqsad qilgan.
Gruziya Milliy statistika xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-2026-o‘quv yili boshida mamlakatda 64 ta oliy ta’lim muassasasi faoliyat yuritgan. Shundan 19 tasi davlat, 45 tasi esa xususiy universitetlar. Jami talabalar soni qariyb 195,4 ming nafarni tashkil etgan.
Shu bilan birga, yangi tizim faqat Gruziya fuqarolariga tegishli. Xalqaro talabalar uchun o‘qish shartlari bir xil bo‘lib qolmoqda.