08:01, Avgust 10, 2026
/
246

Biri 18, biri 19 yoshda: Buxoroda sud fuqaroni “shantaj” qilmoqchi bo‘lgan talaba qizlarga nisbatan hukm chiqardi

Buxoro shahar sudi tovlamachilikda ayblangan 18 va 19 yoshli (biri 2006, ikkinchisi 2007-yilda tug‘ilgan) ikki nafar talaba qizga hukm o‘qidi. Ular viloyatdagi xususiy oliygohlardan birining 2-bosqichida tahsil olib kelgan.

Voqea tafsiloti

Qizlar shu yilning aprel-may oylarida bir fuqaro bilan tanishib, o‘rtadagi shaxsiy yozishma va suhbatlarni saqlab olgan. Keyinroq bu ma’lumotlarni uning oilasi va ish joyiga oshkor qilmaslik evaziga 500 AQSh dollari talab qilgan. 3-iyun kuni mehmonxona oldida kelishilgan pulni olayotgan vaqtda ular tezkor tadbir davomida qo‘lga olingan.

Sud hukmi

Sudlanuvchilar aybiga to‘liq iqror bo‘lib, pushaymonlik bildirgan. Sud esa ularning yoshi, talabaligi va ilk bor jinoyatga qo‘l urganini yengillashtiruvchi holat sifatida qabul qilgan.

Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan aybdor deb topilgan qizlarning har biriga 4 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Talabalarga jazoni joriy hududda o‘tash belgilanib Buxoro viloyatidan tashqariga chiqish va yashash joyini ruxsatsiz o‘zgartirish taqiqlandi.

Fikrlar (0)
Avval yangilari