Falastinlik talabalar TOP universitetlardan birini sudga berdi

Falastinlik talabalar va universitet xodimlaridan iborat guruh Kolumbiya universitetini kamsitish va falastinliklar huquqlarini yetarlicha himoya qilmaslikda ayblab, sudga murojaat qildi. Bu haqda Reuters Nyu-York sudiga kiritilgan da’vo arizasiga tayanib xabar berdi.
Da’vogarlarning ta’kidlashicha, universitet 2023-yil oxiridan beri falastinlik talabalar va xodimlarni ta’qiblardan yetarlicha himoya qilmagan. Shuningdek, ularga nisbatan “adolatsiz va bir tomonlama intizomiy muhokamalar” o‘tkazilgani aytilmoqda. Kolumbiya universiteti avval ham kamsitishga oid ayblovlarni rad etib, har qanday nafrat va kamsitishni qoralashini bildirgan. Hozir esa sud jarayoni davom etayotgani sababli ish yuzasidan izoh berishdan bosh tortgan.
Namoyishlar qachon boshlangan?
Kolumbiya va AQShning boshqa universitetlarida Falastinni qo‘llab-quvvatlovchi namoyishlar 2023-yil oktyabridan keyin keng tus oldi. Namoyishchilar AQShning Isroilga yordamini to‘xtatish hamda universitetlarning Isroilni qo‘llab-quvvatlovchi kompaniyalarga kiritgan sarmoyalarini qaytarib olishini talab qilgan.
65 nafardan ortiq talaba chetlatilgan
2025-yil may oyida Kolumbiya universiteti asosiy kutubxona faoliyatini namoyish doirasida to‘xtatgan 65 nafardan ortiq talabani vaqtincha o‘qishdan chetlatgan. O‘sha paytda universitet Donald Tramp ma’muriyati bilan federal moliyalashtirish masalasida muzokara olib borayotgan edi. Tramp ma’muriyati Kolumbiya universitetini Falastinni qo‘llab-quvvatlovchi namoyishlar vaqtida antisemitizmga qarshi yetarli choralar ko‘rmaganlikda ayblab, universitetga ajratiladigan federal mablag‘larni qisqartirgan. Namoyishchilar va ayrim yahudiy tashkilotlari esa Isroil hukumatining G‘azodagi harakatlarini tanqid qilishni antisemitizm bilan tenglashtirib bo‘lmasligini ta’kidlab kelmoqda.
Universitet 200 mln dollardan ortiq to‘lashga kelishgan
2025-yil iyul oyida Kolumbiya universiteti federal tekshiruvlarni yakunlash va moliyalashtirishning asosiy qismini tiklash evaziga AQSh hukumatiga 200 million dollardan ortiq mablag‘ to‘lashga kelishgan. Shu bilan birga, so‘z erkinligini himoya qiluvchi tashkilotlar universitetning namoyishlarga qarshi choralarini tanqid qilgan. Namoyishlar davomida ayrim talabalar hibsga olingan, o‘qishdan chetlatilgan yoki universitetdan haydalgan.
Endi falastinlik talabalar va xodimlar universitetning harakatlariga huquqiy baho berishni suddan so‘ramoqda.