08:28, Avgust 13, 2026
/
1,1 тыс

Kirish imtihonlarini murakkablashtirish taklif etildi

Rossiya prezidenti yordamchisi va sobiq ta’lim vaziri Andrey Fursenko Yagona davlat imtihoni (EGE) savollarini murakkablashtirish zarurligini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, maksimal ball to‘plagan o‘quvchilar sonining haddan tashqari ko‘payib ketgani oliy o‘quv yurtlaridagi cheklangan o‘rinlarga qabul jarayonida jiddiy muammolarni yuzaga keltirmoqda.

Fursenko o‘rtacha ball ko‘rsatkichining pasayishidan xavotirga tushmaslik kerakligini, chunki imtihonning asosiy vazifasi bitiruvchilarning haqiqiy bilim darajasini aniq baholash hamda shunga mos ravishda taqsimlash ekanini qayd etdi. Barcha bitiruvchilar eng yuqori natijalarni ko‘rsatgan holatda ular orasidan chinakamiga eng yaxshilarini saralab olish imkonsiz bo‘lib qoladi. Bunday vaziyatda abituriyentlarni baholash uchun yana qo‘shimcha tizim joriy etishga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, o‘rtacha ballning tushishi o‘quvchilarning bilimi yomonlashganini emas, balki vazifalar va talablar murakkablashganini anglatadi.

Shu bilan birga, sobiq vazir fan olimpiadalarining katta qismidan voz kechish kerakligini ham ilgari surdi. Uning fikricha, bugungi kunda ko‘plab olimpiadalar o‘zining asl qadrini yo‘qotgan va obro‘sizlangan.

Ota-onalarning ehtimoliy e’tirozlari va noroziliklari haqidagi savolga javob berarkan, Fursenko hozirgi kunda ham tizim keskin tanqidlarga uchrashayotganini yashirmadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bitiruvchilar barcha fanlardan maksimal 300 ball to‘plab turib ham, joylar cheklangani sababli talabalar safiga qabul qilinmayotgani ota-onalarning jiddiy e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda. Baholash tizimi murakkablashtirilsa, abituriyentlarni adolatli saralash imkoni yaratiladi.

Fikrlar (0)
Avval yangilari