12:30, Avgust 24, 2026
/
740

7 milliondan 135 milliongacha: O‘zbekiston oliygohlarida o‘qish qanchaga tushmoqda?

Oliy ta’limda o‘qish haqida gap ketganda eng ko‘p muhokama qilinadigan mavzulardan biri, shubhasiz, kontrakt narxlari hisoblanadi. Abituriyent ham, talaba ham, ota-ona ham universitet tanlashda ta’lim sifati bilan bir qatorda kontrakt miqdoriga ham e’tibor qaratadi. Ayniqsa, bugungi kunda davlat va xususiy oliy ta’lim muassasalari soni ortib borayotgan bir paytda, ularning kontrakt narxlari o‘rtasidagi farqlar ham qiziqish uyg‘otmoqda.

Shu bois ushbu maqolada O‘zbekistondagi davlat va xususiy oliy ta’lim muassasalarining kontrakt narxlari tahlil qilinadi. Narxlar o‘rtasidagi tafovut, ularning shakllanishiga ta’sir qiluvchi omillar hamda bu holat talabalar va ota-onalar tanloviga qay darajada ta’sir o‘tkazayotgani haqida so‘z yuritiladi. Axir universitet tanlash faqat diplom masalasi emas, balki oilaviy byudjet bilan ham chambarchas bog‘liq qaror hisoblanadi. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025/2026-o‘quv yili boshida O‘zbekistonda filiallar bilan birga jami 215 ta oliy ta’lim tashkiloti faoliyat yuritgan. Bu avvalgi o‘quv yiliga nisbatan 7 taga yoki 3,2 foizga kamdir. Shuningdek, mamlakatdagi oliy ta’lim muassasalarining 97 tasi xususiy bo‘lib, bu umumiy OTMlarning qariyb 45 foizini tashkil etadi. Hududlar kesimida esa yaqqol tafovut kuzatiladi. Oliy ta’lim tashkilotlarining deyarli yarmi Toshkent shahrida jamlangan. 

So‘nggi besh yil davomida O‘zbekistonda oliy ta’lim muassasalari sonida keskin o‘sish kuzatildi

Xususan, 2020-yilda mamlakatda 127 ta oliy ta’lim tashkiloti faoliyat yuritgan bo‘lsa, 2024-yilga kelib ularning soni 222 taga yetdi. Bu to‘rt yil ichida 95 ta yangi OTM tashkil etilganini, ya’ni ularning soni qariyb 75 foizga oshganini anglatadi. Biroq 2025-yilda bu ko‘rsatkich biroz pasayib, 215 tani tashkil etdi. Natijada 2024-yilga nisbatan oliy ta’lim muassasalari soni 7 taga yoki 3,2 foizga kamaygan. Shunga qaramay, 2020-yil bilan taqqoslaganda mamlakatdagi OTMlar soni hanuz 88 taga ko‘p, ya’ni besh yil ichida 69 foizga oshgan.
Mazkur o‘sishning asosiy omillaridan biri nodavlat va xorijiy oliy ta’lim muassasalari sonining ortganidir. Endi esa savol tug‘iladi: bunday universitetlarda yillik kontrakt narxlari qanday shakllanadi, ular davlat OTMlari bilan solishtirganda qanchalik farq qiladi va bu farqning asosiy sabablari nimada? Keling yaxshisi, nodavlat universitetlarning bakalavr bosqichida o‘qish bir kishiga qanchaga tushishini aytishdan oldin, davlat universitetlarining kontrakt summalarini keltiraylik.

Davlat universitetlarida kontrakt narxi qancha?

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining yozishicha, 2025/2026-o‘quv yilidan boshlab respublika davlat oliy ta’lim muassasalarida bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari (magistratura mutaxassisliklari) bo‘yicha bitta talabani bazaviy to‘lov-kontrakt shaklida bir yillik o‘qitish qiymatining miqdorlari mana bunday ko‘rinishda bo‘lgan:

Ortda qolgan so‘nggi o‘quv yilida eng arzon kontrakt miqdori 7,4 mln so‘mni tashkil etdi, eng qimmati esa 14 mln 627 ming so‘m. ( Bu mavzuda moliyaviy mustaqillik berilgan oliygohlarni ham alohida ta’kidlash lozim. Boisi ular shartnoma summasini davlatdan mustaqil tarzda belgilashi mumkin.) Shuningdek, respublika OTMlariga iqtisodiyot tarmoqlarida kamida 5 yil ish stajiga ega bo‘lgan va tegishli tavsiyanoma asosida suhbat bilan qabul qilinganlar uchun to‘lov-kontrakt miqdorlari 2025/2026-o‘quv yili uchun belgilangan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va shakli bo‘yicha bazaviy to‘lov-kontrakt qiymati miqdorlariga nisbatan 2 barobar miqdorda belgilandi.

Qimmat davlat universitetlari

Garchi kontrakt narxlariga to‘xtalar ekanmiz, ayrim oliygoh talabalari to‘lashi kerak bo‘lgan summalarni ham e’tiborsiz qoldirmasligimiz lozim. Masalan, ko‘pchilik talabalar o‘qishni orzu qilgan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini olaylik. Bu oliygohning kontrakti har yili o‘zgarib kelmoqda. Oxirgi 3 o‘quv yiliga qaralsa, oshsa oshibdiki, tushmagan. 2023/2024-yillarda stipendiyasiz o‘qish narxi bakalavriat uchun umumiy – 18,9 million so‘m, magistratura uchun – 25 million so‘m etib belgilangan. Keyingi o‘quv yilida esa 1-bosqich talabalari uchun stipendiyasiz – 29 million 428 ming so‘m, stipendiyali – 35 million 642 ming so‘m,  2-4-bosqich talabalari uchun stipendiyasiz – 23 million 740 ming so‘m, stipendiyali varianti esa 31 million 814 ming so‘m etib belgilangandi.  Magistratantlar esa 27 million 216 ming so‘m to‘ladi. Ortda qolgan 2025/2026-yillarda ham universitet kontraktni pasaytirmadi. Aksincha ishchilari va o‘qituvchilarining oyligi oshgani sabab kontrakt narxi ham oshirilganini bildirdi. Ana shu o‘quv davrida o‘qishga qabul qilingan 1-2-kurs talabalarining stipendiya olmay to‘laydigan kontrakti oldingisiga qaraganda 4 million so‘mga ko‘p bo‘ldi. Magistraturaga kirganlar esa 7 million so‘m ko‘p to‘ladi. Qolganlari esa quyidagicha:

Hali bitta o‘quv yilini ortda qoldirgan Cyber universiteti kontrakt narxlari ham yuqori. To‘g‘ri bu oliygoh davlatga qarashli bo‘lsa-da, tashkilot taqdim qilayotgan o‘quv mutaxassisliklari bugungi davr uchun nihoyatda muhimligi aytiladi.

Keyingisi Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universitetida (Green University) bo‘lib, 2023-2024-o‘quv yilida bakalavriat bosqichi uchun to‘lov-kontrakt miqdori mahalliy talabalar uchun 17 million 325 ming so‘m, xorijiy talabalar uchun esa 18 million 480 ming so‘m etib belgilangan. Magistraturaniki esa 20 milliondan oshadi. Universitetda barcha ekologik va iqlim yo‘nalishlari yagona bazaviy stavka asosida yuritiladi. Oxirgi o‘quv qilida kontrakt ancha oshgan. Jumladan, stipendiyasiz 19 million, stipendiyali 25,9 million so‘m bo‘ldi.

Qolaversa, Yangi O‘zbekiston universitetida ham kontrakt summalari juda yuqori. Lekin OTMning 50, 70 va 100 foizlik grantlari ham mavjud. Agar bu imtiyozlar inobatga olinmasa oliygohning kontrakt narxi 25,2 million so‘mdan 94 million so‘mgacha boradi. Bu galdagi o‘quv yili uchun belgilangan narxlar va oliygoh taklif qilayotgan mutaxassisliklar ham bugungi mehnat bozori uchun talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlar hisoblanadi.

Xususiy universitetlarda-chi?

Xususiy oliygohlar dunyosida kontrakt narxlari ham o‘ziga xos “taroziga” ega: kimdir zamonaviy auditoriya va texnologiyalarni, kimdir xalqaro dasturlarni, yana kimdir tajribali professor-o‘qituvchilar jamoasini asos qilib narx belgilaydi. Natijada bir universitetning kontrakti ikkinchisiga qaraganda ancha farq qilishi tabiiy. Axir oliygoh ham oddiygina bino va nom emas, uning ortida yaratilgan sharoit, ta’lim sifati, yo‘nalishning talabi va boshqaruv xarajatlari turadi. Shuning uchun kontrakt summalari ham har bir universitetning o‘z hisob-kitobiga qarab shakllanadi.
Xususiy universitetlarda kontrakt narxi ham osh damlaydigan retseptga o‘xshaydi: har kim o‘z masallig‘ini qo‘shadi. Biri sharoitni, biri xorijiy dasturlarni, yana biri professor-o‘qituvchilar salohiyatini ustuvor hisoblaydi. Oxirida esa narxlar bir-biriga o‘xshamay qoladi. Xo‘sh, 2026/2027-o‘quv yilida qaysi universitetlar kontrakt masalasida “balandroq dovon”ni “zabt etgan”? Keling, ro‘yxatga ko‘z yugurtiramiz

Jadvalda ko‘rinib turganidek, Central Asian University (CAU) narx masalasida boshqalardan ancha ilgarilab ketgan. Tibbiyot yo‘nalishidagi yillik kontrakt 135 million so‘m. Qolgan universitetlar esa xuddi “biz ham bormiz” degandek 20-41 million so‘m oralig‘ida saf tortgan. Eng yaqin ta’qibchi – Team universiteti. Biznes va IT yo‘nalishlari uchun kontrakt 41,5 million so‘m. Ammo CAU bilan o‘rtadagi farq 93,5 million so‘m. Oddiy hisobda, CAUdagi bir yillik kontrakt puliga Team universitetida uch yildan ortiq o‘qish mumkin. Keyingi o‘rinlarda STARS International University (30 million so‘mgacha), Profi universiteti (28,49 million), Millat umidi universiteti (28 million), Alfraganus universiteti va Tashkent international university of education (TIUE) (har ikkisida 25 million so‘m) joylashgan. Bu universitetlar orasidagi tafovut katta emas.

Ro‘yxatning quyi qismida University of exact and social sciences (UESS) (21,9 million), ISFT Institute (20,6 million) va Asia international university (19,8 million so‘m) turibdi. Demak, eng yuqori va eng past kontrakt o‘rtasidagi tafovut 115,2 million so‘mni tashkil etadi. Ya’ni CAUdagi bir yillik kontrakt mablag‘i evaziga Asia international universityda qariyb yetti yilga teng kontraktni to‘lash mumkin. Albatta, bakalavriat buncha davom etmaydi, bu shunchaki narxlar orasidagi tafovutni ko‘rsatish uchun.

Yana bir jihat e’tiborni tortadi. Ro‘yxatdagi 10 ta universitetdan 8 tasining eng yuqori kontrakti 20–30 million so‘m oralig‘ida. Faqat Team universiteti 40 millionlik chegaradan oshgan, CAU esa mutlaqo alohida toifada turibdi. Yo‘nalishlarga qaralsa ham qiziq manzara yuzaga chiqadi. Eng yuqori kontrakt tibbiyot yo‘nalishida qayd etilgan. IT va biznes yo‘nalishlari asosan 25-41,5 million so‘m, axborot texnologiyalari 28,49 million, xalqaro dasturlar 20,6 million, ta’lim yo‘nalishlari esa 25 million so‘m atrofida shakllangan.
Shu o‘rinda bir narsani ham unutmaslik kerak: kontrakt narxi universitetning bahosi emas. Narx ortida laboratoriyalar, klinik bazalar, jihozlar, professor-o‘qituvchilar, xalqaro hamkorlik va universitetning ichki xarajatlari turadi. Shuning uchun ham bir xil diplomga eltuvchi yo‘llarning “yo‘l haqi” turlicha bo‘lishi tabiiy.

Xalqaro OTMlar bir talabani qanchaga o‘qitadi?

O‘zbekistondagi xalqaro universitetlar kontrakt narxlarini kuzatar ekansiz, bitta narsani payqash qiyin emas: narxlar ham o‘ziga xos tarzda “talaba tanlayotgandek” taassurot qoldiradi. Ro‘yxatning peshqadami Toshkentdagi Webster universiteti bo‘lib, ta’lim narxi 53 million so‘mni tashkil etadi. Uning ortidan Inha universiteti (42,3 mln), Puchon universiteti (40,2 mln), Amity universiteti (39 mln) va Vestminster xalqaro universiteti (38,8 mln) joy olgan. Bir qarashda bu oliygohlar o‘rtasidagi tafovut unchalik katta emasdek tuyulishi mumkin. Ammo hisob-kitob qilsak, Webster va Inha o‘rtasidagi farqning o‘zi 10,7 million so‘mni tashkil etadi. Bu esa ayrim davlat universitetlaridagi bir yillik kontrakt summasining o‘ziga teng.

Keyingi pog‘onalarda narxlar asta-sekin pasayib boradi: Japan Digital University (37,9 mln), MDIS (37 mln), Turin politexnika universiteti (34 mln) va Ajou universiteti (32,5 mln). Bu oraliqda narxlar bir-birini quvlamaydi, aksincha, “yonma-yon” yurishni ma’qul ko‘rgandek taassurot uyg‘otadi. Ro‘yxatni Kimyo xalqaro universiteti yakunlaydi. Uning ayrim yo‘nalishlarida kontrakt 16,9 million so‘mdan boshlanadi. Demak, eng qimmat va eng arzon kontrakt o‘rtasidagi farq 36 million so‘mdan oshiq. Boshqacha aytganda, Webster universitetidagi bir yillik kontrakt puliga Kimyo xalqaro universitetida uch yildan ko‘proq ta’lim olish mumkin.

Yana bir e’tiborli jihati shundaki, ro‘yxatdagi 10 ta universitetdan 9 tasida kontrakt miqdori 30 million so‘mdan yuqori va faqat bittasigina 20 million so‘mdan arzonroq narx taklif qilmoqda. Bu esa xalqaro universitetlar segmentida 30–40 million so‘m oralig‘i o‘ziga xos “o‘rtacha standart” narxga aylanib ulgurganini ko‘rsatadi.

Kontrakt narxlari borasida mutaxassislar qanday fikrda?

“Profi” xususiy ta’lim muassasalari tarmog‘i asoschisi Bektosh Hatamovga ko‘ra, xususiy universitetlarning rivojlanishi davlat universitetlarini ham yaxshigina raqobatga chorlamoqda. 2024-yilda davlat universitetlarida 24 ming kvota ochiq qolgan, ulardan 4500 tasi davlat grantiga berilgan kvota edi, ya’ni davlat 4500 nafar talabaga grant bergan, lekin tekinga bo‘lsa ham o‘rinlar to‘lmagan.

“Inflyatsiya, narxlarning oshishi bozordagi tabiiy holat hisoblanadi, u davlat tashkiloti bo‘ladimi, xususiymi shu bozordagi vaziyatga moslashishi kerak deb o‘ylayman. Qisqa vaqtda bu yaxshiday tuyulishi mumkin, ammo uzoq vaqtda bu baribir aks effektini beradi.

Va buni birinchi bo‘lib xizmatni sotib oluvchilar o‘z tanalarida his qilishadi, ya’ni talabalar. Yomon sharoitlardagi universitetlar, yetarlicha malakali kadrlar yetishmasligi, ilmiy tadqiqotlarning moliyalashtirilmasligi, o‘qish sifatining pasayishi o‘qishga aloqasi bo‘lmagan forma, soqol kabi narsalarga e’tiborni kuchayishi, byurokratiya kabi oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Lekin bu yana bir boshqa signalni bermoqda, davlat universitetlari raqobatga kirishdi, aynan xususiylar bilan raqobat bo‘lmoqda, oltinchi yo‘nalishning ochilishi, kontrakt narxlarining oshirilmasligi biznes tili bilan aytganda raqobat qurollari hisoblanadi”, – deydi u.

Xullas, kontrakt summasi shunchaki raqam emas. Uning ortida universitetning infratuzilmasi, xalqaro hamkorlari, laboratoriyalari, xorijiy professorlari va ta’lim dasturlari turadi. Shunday ekan, kontraktga qarab faqat hamyonni emas, taklif qilinayotgan imkoniyatlarni ham taroziga qo‘yish foydadan xoli emas.


Fikrlar (0)
Avval yangilari