07:59, Avgust 14, 2026
/
354

Har bir OTMda karyera markazlari majburiy bo‘ladi

O‘zbekistonda 2027-yil 1-yanvardan boshlab davlat, nodavlat va boshqa mulkchilik shaklidagi barcha oliy ta’lim tashkilotlarida karyera markazlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Ushbu reja Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi ishlab chiqqan va jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan qaror loyihasida nazarda tutilgan.

Karyera markazi nima bilan shug‘ullanadi?

Markaz OTMdagi talabalar va bitiruvchilarning ish bozoriga chiqishiga ko‘maklashuvchi asosiy bo‘linma bo‘ladi. Jumladan, u:

– talabalarni kasbga yo‘naltiradi;
– ish beruvchilar bilan hamkorlik qiladi;
– amaliyot va stajirovkalarni muvofiqlashtiradi;
– bitiruvchilarning ishga joylashishini kuzatib boradi;
– ularning keyingi kasbiy rivojlanishini monitoring qiladi.

Natija OTM reytingiga ham ta’sir qiladi

Karyera markazining faoliyati shunchaki mavjudligi bilan emas, natijasi bilan baholanadi. Talabalarning ishga joylashishi, ta’lim dasturlarining mehnat bozori talablariga qanchalik mosligi va ish beruvchilarning bitiruvchilardan qoniqish darajasi muntazam monitoring qilinadi. Markaz faoliyati natijalari OTM reytingini aniqlash va davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazishda alohida indikator sifatida hisobga olinishi rejalashtirilgan.

Bitiruvchilarning yarmi ishga joylashmasa, cheklov bo‘lishi mumkin

Loyihadagi eng muhim takliflardan biri bitiruvchilar bandligi bilan bog‘liq. Agar o‘quv yili yakunida OTM bitiruvchilarining ishga joylashish ko‘rsatkichi 50 foizdan kam bo‘lsa, universitetga keyingi o‘quv yilida yangi ta’lim dasturlarini ochishga ruxsat berilmasligi mumkin.

Karyera markazi xodimlari ham sertifikatlanadi

Markaz rahbari va xodimlari maxsus “Karyera markazi menejeri” dasturini tamomlagan, kasbiy baholashdan o‘tgan va tegishli sertifikatga ega mutaxassislar orasidan tanlanishi taklif etilmoqda.

OTMlar 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab markazlar uchun:

– alohida ish rejasi;
– KPI ko‘rsatkichlari;
– ish beruvchilar bazasi;
– talabalarning karyera portfoliosi;
– bitiruvchilar monitoringi tizimini joriy qilishi kerak bo‘ladi.

Shuningdek, yiliga kamida bir marta talabalar, bitiruvchilar va ish beruvchilar orasida karyera xizmatlari sifati bo‘yicha so‘rov o‘tkaziladi.

Nodavlat OTMlar uchun talab yanada qat’iy

2028-yil 1-yanvardan keyin yangidan tashkil etiladigan nodavlat OTMlarda faoliyatning ikkinchi yilidan karyera markazi bo‘lishi majburiy etib belgilanmoqda. Agar bunday markaz tashkil qilinmasa, vakolatli organ OTM litsenziyasini bekor qilish bo‘yicha sudga murojaat qilishi mumkin. Karyera markazisiz yangi davlat OTMlarini tashkil etishga esa yo‘l qo‘yilmasligi taklif qilinmoqda.

Bitiruvchilarning bandligi real vaqtda kuzatiladi

Bandlik vazirligi, Savdo-sanoat palatasi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining axborot tizimlarini career.edu.uz platformasiga integratsiya qilish rejalashtirilgan. Bu orqali bitiruvchilarning ishga joylashishi real vaqt rejimida tahlil qilinadi, ish beruvchilarning qanday mutaxassislarga ehtiyoji borligi haqidagi ma’lumotlar esa OTMlarga yetkazib boriladi.

Qaror loyihasi 27-avgustgacha jamoatchilik muhokamasida bo‘ladi.

Avvalroq, 2026-yil iyunida oliy ta’lim bitiruvchilarining bandligini ta’minlash masalalari bo‘yicha prezidentga taqdimot o‘tkazilib, barcha OTMlarda karyera markazlari faoliyatini to‘liq yo‘lga qo‘yish va ularning natijadorligini oshirish taklif qilingandi. Shuningdek, 2026-yil sentyabrdan “Karyera” onlayn platformasini ishga tushirish rejalashtirilgan. Platforma oliy va kasbiy ta’lim muassasalari talabalari hamda bitiruvchilariga ish topishda yordam berishi ko‘zda tutilgan.

Fikrlar (0)
Avval yangilari