13:16, Avgust 14, 2026
/
326

“Qishloq xo‘jaligi deganda yoshlarning ko‘z oldiga faqat “loy kechib, ketmon chopish” keladi”…

O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi sohasida kadrlar muammosi bor. Ish berishda malakali mutaxassislar tanlanmasligi va keyinchalik ularga yetarli maosh to‘lanmasligi tufayli sohadagi xodimlar o‘z ustida yetarlicha ishlashmaydi. Bu esa kadrlar malakasida uzilish bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Buni bir paytlar USAIDning AVC loyihasining mahsulot yetishtirish sohasi bo‘yicha mutaxassisi bo‘lgan G‘olibjon Mahmudov ham o‘z tahlillarida aytib o‘tgan edi.  

2026-yilgi aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirining dastlabki natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston aholisi soni 39 million 47 ming 321 kishiga yetdi. Ko‘rsatkich 1989-yildagi ro‘yxatga olish natijalariga nisbatan 2 barobarga oshgan. Umumiy aholining 97,3 foizi ro‘yxatga olingan bo‘lsa, 2,7 foizi turli sabablarga unda ishtirok etmagan. O‘tgan yil kuzda aholi soni 38 milliondan oshgandi. Bu aholi soni yiliga 1 milliondan ko‘paymoqda degani. Xullas, mamlakatda qishloq xo‘jaligini yaxshilash, malakali kadrlarni tayyorlash va ularni sohada olib qolish, aholi soni ortayotgan va ular ro‘zg‘orining katta qismi qishloq xo‘jaligi sohasiga bog‘liqligi inobatga olinsa, nihoyatda muhim.“Avlod Media” soha bo‘yicha xorijda tahsil olayotgan talaba bilan suhbatlashdi va uning soha yuzasidan olgan bilimlari, kuzatuvlariga qiziqdi.

Suhbatdoshimiz – oliy ta’limning bakalavr bosqichini O‘zbekistondagi Buyuk Britaniya universiteti – Royal Agricultural Universityֹda o‘qigan Muhammadjon Mamitaliyev ayni paytda Germaniyaning Bonn universitetida qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat iqtisodiyoti yo‘nalishida magistratura bosqichida tahsil oladi. U o‘qiyotgan soha O‘zbekistonda juda kam daromadli, shu bilan birgalikda malakali kadrlar yetishmaydigan soha hisoblanadi.

2026-yilning birinchi yarmida o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi 7 million 91,1 ming so‘mni tashkil etdi. Iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha ish haqi miqdori va o‘sish dinamikasiga ko‘ra, bank, sug‘urta, lizing, kredit va vositachilik faoliyati eng daromadli soha bo‘lib qolmoqda. Ushbu sohalardagi o‘rtacha ish haqi miqdori 19 million 100,2 ming so‘m. Soha ichida qayta sug‘urtalash yo‘nalishida maoshlar 26 million 13,9 ming so‘mga, yordamchi moliyaviy faoliyatda esa 24 million 895,9 ming so‘mga yetgan. Lekin maoshi yaxshi bo‘lganlar orasida qishloq xo‘jaligi sohasi keltirilmagan.

Muhammadjon nega aynan shu sohani tanlaganini aytib, suhbat davomida tahririyatning bir qancha savollariga javob yo‘lladi. U qishloq xo‘jaligi deganda faqat dalada loy kechib, ketmonda yer chopishni tushunmaslik, agar kimdir ana shunday fikrda bo‘lsa, bunday qarashlardan voz kechishi kerakligini aytdi.

Jurnalist: O‘zbekistonda tahsil olganingiz va hozir Germaniyada o‘qiyotganingizdan kelib chiqib, ikki mamlakatning qishloq xo‘jaligi tizimi o‘rtasidagi eng katta farqlar nimalarda deb o‘ylaysiz?

Muhammadjon: O‘zbekistonda olgan tayanch bilimim va Germaniyadagi kuzatuvlarimga tayanib shuni aytishim mumkinki, ikki davlat tizimida yondashuv va boshqaruv jihatidan katta farqlar bor. Masalan, Germaniyadagi fermerlar uyushmalarini (Genossenschaften) olaylik. Bunday uyushmalar Germaniyada juda kuchli hal qiluvchi ahamiyatga ega. Ularda fermerlar texnika sotib olish, mahsulotni sotish va saqlash borasida birgalikda fikr almashib, hamjihatlikda ish yuritadi. Menimcha, O‘zbekistonda fermerlar ko‘pincha bunday ishlarni o‘zlari, yakka tartibda hal qiladi. Shuningdek, Germaniyada fermerlar qaror qabul qilishda faqat bozor talabiga va yer, tuproq tahlili va boshqa resurslarga tayanadi, davlat ekologik toza bo‘lgan organik mahsulot yetishtirish uchun katta subsidiyalar ajratyapti. Fikrimcha, O‘zbekistonda resurslardan (ayniqsa, suv va kimyoviy o‘g‘itdan) foydalanishda ilmiy yondashuv va aniq o‘lchovlar hali to‘liq shakllanmagan. Germaniyada esa hammasi berilgan o‘lchov me’yorlariga to’g‘ri keladi hamda nazorat qilinadi.

Jurnalist: Bugungi kunda O‘zbekiston qishloq xo‘jaligidagi eng dolzarb muammolar qaysilar deb o‘ylaysiz? Ularni hal qilish uchun birinchi navbatda nimaga e’tibor qaratish kerak?

Muhammadjon: Bilamizki, yurtimiz geografik jihatdan okeandan uzoqda bo‘lgan, namlik, yog‘ingarchilik yuqori bo‘lmagan  minataqa markazida joylashgan. Okeanga chiqish uchun kamida 2 ta davlatni bosib o‘tishi kerak bo‘lgan (double-landlocked) dunyodagi 2 ta davlatning birisi – bu O‘zbekiston. 1960-yillarda boshlangan Orol inqirozi, shuningdek iqlim o‘zgarishi singari muammolar mamlakat hududida mavjud bo‘lgan suv resurslarini sezilarli darajada kamaytirdi. Bu esa o‘z navbatida yurtimizda suv tanqisligini keltirib chiqardi. Qolaversa, yerlarning sho‘rlanishi va tuproq unumdorligining pasayishi, qishloq xo‘jaligida malakali kadrlar va zamonaviy agronomlarning yetishmasligi mamlakatimizdagi dolzarb muammolardan bo‘lib qolyapti. Bu kabi muammolarning yechimiga kelsak. Birinchi navbatda, fermerlarning bilimini oshirishga e’tibor qaratishimiz kerak. Eng so‘nggi texnikani olib kelsak ham, undan to‘g‘ri foydalanadigan, kasalliklarni vaqtida aniqlaydigan mutaxassislar bo‘lmasa, natija bo‘lmaydi. Tumanlarda bepul yoki arzon agro-maslahat markazlarini tizimli yo‘lga qo‘yish kerak. Qolaversa, qurg‘oqchilikka, sho‘rlanishga chidamli bo‘lgan GMOlarni (Genetik modifikatsiyalangan organizmlar) ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, umuman biotexnologiya sohasini rivojlantirishimiz, GMO navlarini amaliyotda qo‘llash yuqorida keltirib o‘tilgan va boshqa muammolarga samarali yechim bo‘ladi deb o‘ylayman.

Jurnalist: Iqlim o‘zgarishi va suv tanqisligi O‘zbekiston qishloq xo‘jaligiga qanday ta’sir ko‘rsatmoqda? Bu muammolarga qarshi qanday yechimlar samarali bo‘lishi mumkin?

Muhammadjon: Nafaqat O‘zbekiston, balki butun dunyo iqlim o‘zgarishining ana shu oqibatlari sababli aziyat chekyapti. Qishloq xo‘jaligi sektorimizda esa bu o‘z navbatida hosilning kamayishiga olib keladi. Suvni tejaydigan texnologiyalarni (tomchilatib, yomg‘irlatib sug‘orish) nafaqat joriy etish, balki ularga xizmat ko‘rsatuvchi infratuzilmani yaratish iqlim o‘zgarishi sababli vujudga kelgan muammolarni tizimli bartaraf etishda yordam beradi. Shuningdek, ko‘p suv talab qiladigan ekinlar o‘rniga, qurg‘oqchilikka chidamli va iqtisodiy qiymati baland ekinlar (masalan, yong‘oq, bodom, ba’zi dukkaklilar) maydonini kengaytirish maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Jurnalist: Germaniyada qo‘llanilayotgan qaysi agrotexnologiyalar yoki yondashuvlarni O‘zbekistonda ham joriy etish mumkin, deb hisoblaysiz?

Muhammadjon: Azaldan Germaniya o‘z kashfiyotlari, ixtirolari bilan dunyoga tanilgan. Bu kabi yutuqlar esa keyinchalik mamlakatda yangi innovatsiyalar kashf etilishiga asos bo‘lib xizmat qildi. Masalan, Germaniya qishloq xo‘jaligidagi zamonaviy innovatsiyalardan biri bu – Precision Farming (aniq dehqonchilik) dir. Bunday tizimda tuproqning qaysi qismida qancha o‘g‘it yoki suv kerakligi sensorlar va dronlar orqali aniqlanadi, faqatgina o‘sha joylargagina kerakli bo‘lgan resurs beriladi. O‘zbekistonda bu kabi texnologiyalardan foydalanish samaradorlikni oshiradi, ortiqcha xarajatlarni kamaytiradi, shuningdek inson omili sababli yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xatolarning oldini oladi.

Qolaversa, biogaz texnologiyalari va aylanma iqtisodiyot (circular economy) tamoyillari asosida ishlab chiqarish, qayta ishlash texnologiyalari  Germaniyaning qishloq xo‘jaligi sohasida muhim o‘rin egallovchi texnologiyalar hisoblanadi. Chorvachilik va dehqonchilik chiqindilaridan energiya va organik o‘g‘it olish tizimini yurtimizda joriy etish va bu tizimni kichik fermer xo‘jaliklari darajasida ommalashtirish O‘zbekiston uchun muhim bo‘lgan hamda yangi ish o‘rinlari yaratish imkoniyatini bera oladigan tizim deb hisoblayman.

Jurnalist: Agar sizga O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi siyosati bo‘yicha birgina muhim islohotni taklif qilish imkoniyati berilsa, qaysi yo‘nalishni tanlardingiz va nima uchun?

Muhammadjon: Mustaqil ishlaydigan qishloq xo‘jaligi maslahat xizmatlari (Agricultural Extension Services) tizimini qonuniy va institutsional jihatdan yaratishni taklif qilgan bo‘lardim. Sababi, fermerga nima ekish yoki qanday ishlashni buyruq orqali emas, balki tavsiya va ilmiy asos orqali tushuntiradigan tizim kerak. Har bir tumanda laboratoriyasiga ega bo‘lgan, fermerlarga bozor konyunkturasi, tuproq tahlili va yangi urug‘lar bo‘yicha bepul yoki subsidiya asosida maslahat beradigan markazlar ochilishi sohada unumdorlikni oshirish, mavjud yer maydonlaridan ko‘proq hosil olish imkoniyatini beradi.

Jurnalist: Germaniyada olgan bilim va tajribangizdan kelib chiqib, kelajakda O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi qanday rivojlanishi mumkin deb o‘ylaysiz? Keyingi 10–15 yil uchun prognozingiz qanday?

Muhammadjon: Suv shu qadar qimmat va tanqis resursga aylanadiki, fermerlar majburan suvni tejaydigan texnologiyalarga to‘liq o‘tadi yoki sohani tark etadi. Yer maydonlari emas, har bir gektardan olinadigan daromad va hosildorlik muhimroq bo‘lib qoladi (Ekstensivdan intensivga o‘tish). Yevropa bozoriga integratsiya tezlashadi, quruq meva-sabzavotlarimiz eksportida o‘sish kuzatiladi. Yaylov adirlari qisqarishi, chorva mollarini boqish xarajatlari oshishi, go‘sht narxi davomiy ko‘tarilishi va uni chetdan sotib olish ko‘payishi mumkin.

Jurnalist: Yoshlarni qishloq xo‘jaligi sohasiga qiziqtirish uchun nimalarni o‘zgartirish lozim? Bu soha kelajak kasbiga aylanishi uchun qanday sharoitlar yaratilishi kerak?

Muhammadjon: Menimcha, qishloq xo‘jaligi deganda yoshlarning ko‘z oldiga faqat “loy kechib, ketmon chopish” keladi. Bu stereotipni o‘zgartirishimiz kerak. Shaxsan o‘zim ham ilk universitetda o‘qishni boshlagan paytlarim shunday o‘ylar edim, ammo hozirda fikrim butunlay o‘zgargan. Yoshlarni bu sohaga qiziqtirish uchun, bir nechta strategiyalar mavjud. Masalan, sohani Agro-Tex (Agri-Tech) sifatida rebrending qilish kerak. Agar yoshlarga dron boshqarish, issiqxonadagi haroratni smartfon orqali nazorat qilish yoki qishloq xo‘jaligida IT-dasturlar yaratish kabi imkoniyatlar yaratilsa va taklif etilsa, ularning qiziqishi ortadi. Agro-startaplar uchun maxsus grantlar ajratilishi va qishloqlar yuqori tezlikdagi internet va zamonaviy infratuzilma bilan ta’minlanishi kerak.

Fikrlar (0)
Avval yangilari