07:43, Avgust 17, 2026
/
531

2030-yilda barcha talabalar yotoqxonada yashaydi!

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov Uzreport kanaliga bergan intervyusida 2030-yilgacha barcha talabalar uchun yetarli turar joylar qurib bitkazilishini ma’lum qildi.

Vazirning ta’kidlashicha, davlat rahbarining qaroriga binoan mamlakatimizda talabalar turar joylari (TTJ) tarmog‘ini kengaytirish ishlari jadal olib borilmoqda. Davlat va xususiy sektor hamkorligi asosida barpo etilayotgan bu binolar 2030-yilga borib barcha talabalarning yotoqxonaga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qoplash imkonini beradi.

Bugungi kunda viloyatlardan kelib, kunduzgi ta’limda o‘qiyotgan yoshlarning kamida 20 foizini yotoqxona bilan ta’minlash imkoniyati mavjud. Qolgan talabalar ijara xonadonlarida yashashadi va ularning ijara to‘lovining yarmi davlat tomonidan to‘lab beriladi. Natijada, talaba uchun yotoqxonada yashash va ijarada turish xarajatlari deyarli bir xil tushadi.

Qoʻngʻirotboy Sharipovning ma’lumot berishicha, oxirgi o‘n yil ichida mamlakatda 100 ming o‘rinli yotoqxonalar qurilib, foydalanishga topshirilgan. Taqqoslash uchun: undan oldingi bir asr (100 yil) davomida bu ko‘rsatkich jami 55 ming o‘rinni tashkil qilgan xolos.

Shuningdek, jarayonni raqamlashtirish va shaffoflikni ta’minlash maqsadida maxsus elektron platforma ishga tushirilgan:

  • Yotoqxonaga ehtiyoji bor talabalar 15-avgustdan boshlab ushbu tizim orqali ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin.
  • Joylashtirishda eng birinchi navbatda ijtimoiy yordamga muhtoj va imkoniyati cheklangan (nogironligi bor) talabalarga ustuvorlik beriladi.
  • Undan so‘ng o‘rinlar olis hududlardan kelgan yoshlarga ajratiladi va navbat masofa poytaxtga yaqinlashib kelishi tartibida davom etadi.

Fikrlar (0)
Avval yangilari