4 mingtalik kvota: o‘tish ballarida o‘sish qayd etildi

Bilim va malakalarni baholash agentligining mandat.uzbmb.uz saytida Tavsiyanoma olgan xotin-qizlar uchun o‘tish ballari e’lon qilindi . Bunda tavsiyanoma olgan xotin-qizlar davlat grantiga da’vogar bo‘ladi. Joriy yilda ayrim hududlarda o‘tish ballari o‘tgan yilga nisbatan ancha oshgan, ayrimlarida esa pasaygan.

Eng katta o‘sish:
– Sirdaryo, texnika – 49,2 ballga;
– Toshkent shahri, tibbiyot – 44,5 ballga;
– Samarqand, texnika – 34,1 ballga;
– Namangan, texnika – 32 ballga;
– Surxondaryo, texnika – 31,1 ballga.
Eng katta pasayish:
– Jizzax, tibbiyot – 31,1 ballga;
– Toshkent shahri, texnika – 29,8 ballga;
– Toshkent viloyati, tibbiyot – 27,1 ballga;
– Qoraqalpog‘iston, tibbiyot – 26,6 ballga.
Masalan, Jizzaxda 2025-yilda tibbiyot yo‘nalishi uchun o‘tish bali 119,1 ball bo‘lgan bo‘lsa, bu yil 88 ball etib belgilangan. 88 balldan yuqori natija ko‘rsatgan 63 nafar jizzaxlik qiz tibbiyot yo‘nalishiga grant asosida kirgan.
Shu o‘rinda, muhim eslatma tavsiyanoma ball qo‘shib bermaydi!
Ko‘pchilik tavsiyanoma olgan xotin-qizlarga qo‘shimcha 4 foiz ball qo‘shiladi, deb o‘ylamoqda. Bu noto‘g‘ri. Tavsiyanoma qo‘shimcha ball bermaydi. U alohida imtiyozli kvota asosida tanlovda qatnashish imkonini beradi.
Shuningdek, tavsiyanoma olgan abituriyent avtomatik ravishda o‘qishga kiradi, degani ham emas. Buning uchun belgilangan o‘tish balini to‘plash kerak. Ya’ni, jadvaldagi o‘tish balidan kam ball olgan abituriyentga tavsiyanoma imtiyozi qo‘llanmaydi.
Manba: Xushnudbek.uz telegram kanali.