11:38, Avgust 17, 2026
/
6,7 тыс

Kontraktga kirganlar uchun imkoniyat: 1 milliard so‘mlik grantda ishtirok etishingiz mumkin

100 nafar talabaning kontrakti to‘lab beriladi. Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev va Yoshlar ishlari agentligi 1 mlrd so‘mlik grant e’lon qildi.

Kontrakt pulini to‘lashga qiynalayotgan talabalar uchun yaxshi imkoniyat: bu yil 100 nafar talabaning har biriga 10 mln so‘mdan, jami 1 mlrd so‘mlik ta’lim granti berilishi rejalashtirilmoqda.

Loyiha bloger va huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev hamda Yoshlar ishlari agentligi loyihalari o‘rtasidagi hamkorlik asosida amalga oshiriladi. Kelishuvga ko‘ra, Xushnudbek bir yil davomida Ibrat farzandlari, Mutolaa, Ustoz AI, UzChess, UzCombinator, Ko‘mak va Yoshlar Ventures kabi ijtimoiy loyihalar haqida o‘z auditoriyasiga ma’lumot berib boradi. Buning evaziga esa 100 nafar ehtiyojmand, bilimli va intiluvchan talabaning kontrakti uchun 10 mln so‘mdan mablag‘ ajratiladi.

Ya’ni, hamkorlikning umumiy qiymati – 1 milliard so‘m.

Grantni kimlar olishi mumkin?

Imkoniyat faqat davlat OTMlari yoki kunduzgi ta’lim talabalari bilan cheklanmaydi.

Grantga:
– davlat yoki nodavlat OTMda o‘qiyotganlar;
– istalgan bosqich talabalari;
– istalgan yo‘nalishda tahsil olayotganlar;
– kunduzgi, kechki, sirtqi yoki masofaviy ta’limda o‘qiyotganlar da’vogarlik qilishi mumkin.

Muhim ma’lumot: kontrakti to‘lab beriladigan talabalar uchun yaqin kunlarda MetsenatUz platformasida alohida grant e’lon qilinadi va onlayn arizalar qabuli boshlanadi.

Nomzodlarni tanlashda talabaning haqiqatan ehtiyojmandligi, o‘zlashtirish ko‘rsatkichi, erishgan yutuqlari, ijtimoiy faolligi, kelajakdagi maqsadlari hamda Yoshlar ishlari agentligi loyihalaridagi faolligi inobatga olinadi.

Grantga ariza topshirish tartibi, muddatlari va qo‘shimcha talablar haqida keyinroq batafsil ma’lumot berilishi aytilgan.

Eslatib o‘tamiz, bu loyiha birinchi marta o‘tkazilayotgani yo‘q. O‘tgan yili ham shunday hamkorlik doirasida 52 nafar talabaga 8 mln so‘mdan jami 416 mln so‘mlik grant ajratilgan edi.

Bu yil esa loyiha ko‘lami ancha kengaydi: 52 nafar o‘rniga 100 nafar talaba, ajratiladigan mablag‘ esa 416 mln so‘mdan 1 mlrd so‘mgacha oshdi.

Arizalar qabuli boshlanishi bilan grantga qanday topshirish mumkinligi haqida alohida ma’lumot beramiz.

Fikrlar (0)
Avval yangilari