Vazir: “56,7 balldan past olganlarni majburlab o‘qitish uchun bizga universitet kerak emas”

O‘zbekistonda hozircha yangi universitetlar ochishga ehtiyoj yo‘q. Aksincha, bitiruvchilarining bandlik ko‘rsatkichi past bo‘lgan OTMlarni boshqa universitetlarga qo‘shish yoki ularning faoliyatini tugatish choralari ko‘rilishi mumkin.Bu haqida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov 14-avgust kuni Toshkentda o‘tkazilgan xalqaro anjumanda ma’lum qildi.
Vazirning aytishicha, bugungi kunda mamlakatdagi mavjud universitetlarning sig‘imi oliy ta’limga bo‘lgan ehtiyojni qoplash uchun yetarli.
“Bugungi kunda yana universitet ochishga ehtiyoj yo‘q, deb hisoblayman. Chunki yangi universitetlar ochilaversa, sifatsiz ta’lim beradigan OTMlar ko‘payib qolishi mumkin”, – dedi Qo‘ng‘irotboy Sharipov.
Uning fikricha, oliy ta’limdagi asosiy maqsad universitetlar sonini ko‘paytirish emas, balki mehnat bozoriga kerakli va ish topa oladigan mutaxassislarni tayyorlash bo‘lishi kerak.
Asosiy mezon – bitiruvchining ish topishi
Vazir oliygohlar faoliyatini baholashda bitiruvchilarning bandligi muhim mezonlardan biri bo‘lishini ta’kidladi.
“Har bir oliy ta’lim muassasasi bozorga mos kadr tayyorlab, ertaga mutaxassisni ish bilan ta’minlay olishi kerak. U yaxshi o‘qityaptimi yoki yomonmi – bunga bahoni xalq va ish beruvchilar beradi”, – dedi u.
Bitiruvchilarining bandlik darajasi belgilangan ko‘rsatkichdan past bo‘lgan universitetlar boshqa OTMlarga qo‘shilishi yoki ularning faoliyati tugatilishi mumkin. Shuningdek, davlat va nodavlat universitetlariga talabalarni qabul qilish, ta’lim yo‘nalishlarini shakllantirish va ta’lim sifatini baholashda bir xil talablarni qo‘llash ko‘zda tutilmoqda.
Vazir texnikumlarga ko‘proq e’tibor qaratishni taklif qildi
Qo‘ng‘irotboy Sharipovning fikricha, barcha maktab bitiruvchilari albatta universitetda o‘qishi shart emas. Mehnat bozorida kasbiy va o‘rta maxsus ma’lumotga ega mutaxassislarga ham katta talab mavjud. Shu sababli texnikumlarni xalqaro standartlarga olib chiqishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Joriy yilda O‘zbekistondagi 100 ta texnikumni xalqaro darajaga olib chiqish rejalashtirilgan. Vazir payvandchi, santexnik va elektrik kabi kasblarga xorijda yuqori maosh taklif qilinayotganini misol qilib keltirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayrim malakali kasb egalari oliy ma’lumotli mutaxassislardan ham ko‘proq daromad topmoqda.
Texnikumdan keyin universitetga ham kirish mumkin
Texnikumda o‘qish yoshlarning keyinchalik oliy ma’lumot olish imkoniyatini yopmaydi. Vazirning tushuntirishicha, kasb egallagan yosh 2–3 yildan keyin oliy ta’lim olishni istasa, tegishli tartibda universitetga kirib, o‘qishini davom ettirishi mumkin. Ya’ni abituriyent universitetga kira olmagan taqdirda ham, kasbiy ta’lim orqali mutaxassislik egallab, keyinchalik oliy ta’limga qaytish imkoniyatiga ega.
56,7 balldan past natija olayotganlar kamaymoqda
Vazir abituriyentlarning kirish imtihonlaridagi natijalariga ham to‘xtaldi. Uning ma’lum qilishicha, to‘rt yil avval minimal 56,7 ballni to‘play olmagan abituriyentlar ulushi 46 foizni tashkil etgan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich 34 foizgacha kamaygan.
Shuningdek, abituriyentlarning 74 foizi 56,7 balldan yuqori natija qayd etgani aytildi. Vazir buni maktablardagi ta’lim sifati yaxshilanayotganining belgilaridan biri sifatida baholadi.
Bu yil 36 mingta grant o‘rni ajratilgan
Qo‘ng‘irotboy Sharipovning ma’lum qilishicha, joriy yilda davlat budjeti hisobidan 36 mingta grant o‘rni hamda qariyb 200 mingta kontrakt o‘rni belgilangan. Bu o‘rinlar mehnat bozoridagi ehtiyoj va iqtisodiyot uchun zarur mutaxassisliklardan kelib chiqib shakllantirilgan. Vazirning fikricha, bundan keyingi asosiy masala universitetlar sonini oshirish emas, mavjud OTMlarda ta’lim sifati, bitiruvchilarning malakasi va ularning ish bilan ta’minlanishini yaxshilash bo‘ladi.