08:13, Avgust 18, 2026
/
826

Kasbni tanlashdan oldin sinab ko‘rish mumkin

Urganch shahrida yoshlarni mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarga tayyorlashga mo‘ljallangan Xorazm ilg‘or kasbiy mahorat texnikumi hamda Kasblar shaharchasi tashkil etildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 17-avgust kuni ushbu majmua faoliyati bilan tanishdi.

Texnikumni barpo etish uchun davlat byudjetidan 72,4 milliard so‘m ajratilgan. 5,2 gektar hududda 1 ming 100 o‘rinli ikkita o‘quv binosi, 300 o‘rinli yotoqxona, sport zali, 200 o‘rinli oshxona va zamonaviy jihozlangan ikkita o‘quv ustaxonasi qurilgan.

Bu yerda ta’lim faqat auditoriya bilan cheklanmaydi

Texnikumda Germaniya, Shveysariya, Buyuk Britaniya, Xitoy va Janubiy Koreyaning ilg‘or ta’lim dasturlari asosida o‘qitish yo‘lga qo‘yilgan. Dual ta’lim tizimi orqali o‘quvchilar nazariy bilim bilan birga ishlab chiqarish jarayonida amaliy tajriba ham orttiradi.

2026–2027-o‘quv yili uchun 11 ta kasb yo‘nalishiga 200 nafar yosh imtihon asosida saralab olingan. Ta’lim dasturlari ish beruvchilar bilan hamkorlikda shakllantiriladi. Asosiy maqsad — yoshlarni shunchaki diplomli emas, balki mehnat bozorida kerak bo‘ladigan tayyor mutaxassis sifatida yetishtirish.

Texnikum Xorazmdagi boshqa kasbiy ta’lim muassasalari uchun ham amaliy baza bo‘lib xizmat qiladi. Viloyatdagi ta’lim muassasalarining qariyb 4 ming 300 nafar o‘quvchisi bu yerdagi ustaxona va laboratoriyalarda amaliyot o‘taydi.

Kasbni tanlashdan oldin sinab ko‘rish mumkin

Majmua hududida Kasblar shaharchasi ham tashkil etilgan. Bu yerda o‘quvchilar o‘z qiziqishi va qobiliyatini amalda sinab ko‘rishi mumkin.

Shaharchada “O‘zing yasab ko‘r” tamoyili asosida yoshlar turli zamonaviy uskunalarda bevosita ishlaydi va amaliy ko‘nikma hosil qiladi.

Asosiy yo‘nalishlar:

– transport va logistika;
– sanoat va qurilish;
– servis;
– qishloq xo‘jaligi;
– “yashil” energetika.

Majmua yirik ish beruvchi korxonalar bilan hamkorlik qiladi. Shu orqali yoshni kasbga yo‘naltirish, unga amaliy tajriba berish va keyinchalik ish bilan ta’minlashgacha bo‘lgan yagona tizim yaratish ko‘zda tutilgan.

Kelgusida bunday ilg‘or kasbiy mahorat texnikumlarini Qoraqalpog‘iston Respublikasi va boshqa hududlarda ham bosqichma-bosqich tashkil etish rejalashtirilgan.

Prezident ta’lim dasturlarini ish beruvchilar ehtiyojiga moslashtirish, yoshlarni zamonaviy kasblarga sifatli tayyorlash va ushbu tajribani boshqa hududlarda ham kengaytirish muhimligini ta’kidladi.

Fikrlar (0)
Avval yangilari