08:46, Avgust 18, 2026
/
2,2 тыс

Tezkor: 1-bosqich talabalari uchun yotoqxonaga ariza topshirish boshlandi

2026/2027-o‘quv yilida 1-bosqichga talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlar 18-avgustdan boshlab talabalar turar joyiga joylashish uchun ariza topshirishlari mumkin.

Arizalar Davlat xizmatlari markazlari yoki my.gov.uz portali orqali qabul qilinadi. Talabalarni TTJga joylashtirish mavjud o‘rinlar va belgilangan navbat asosida amalga oshiriladi.

Kimlarga birinchi navbatda joy beriladi?

Dastlab imtiyozli ro‘yxatga kiruvchi talabalar yotoqxonaga joylashtiriladi. Jumladan:

– “Mehribonlik uylari” tarbiyalanuvchilari, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan talabalar;
– Ijtimoiy reyestr, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlari;
– I va II guruh nogironligi bo‘lgan talabalar;
– xorijiy davlat fuqarosi bo‘lgan talabalar;
– bir oiladan bakalavriatning kunduzgi ta’lim shaklida ikki yoki undan ortiq farzand to‘lov-kontrakt asosida o‘qiyotgan oilalar farzandlari.

Shuningdek, xalqaro va respublika miqyosidagi fan olimpiadalari, “Zakovat”, “Yil talabasi”, “Talabalar teatr studiyalari” tanlovlarining respublika bosqichi g‘oliblari, shuningdek, TTJ talabalar kengashi raisi va qavat sardorlari ham imtiyozli ro‘yxatga kiritilishi mumkin.

Qolgan talabalar qanday joylashtiriladi?

Imtiyozli talabgorlar joylashtirilgach, qolgan o‘rinlar umumiy ro‘yxatdagi talabalar o‘rtasida navbat asosida taqsimlanadi.

Bunda qolgan o‘rinlarning:

– 55–65 foizi – 1-kurs talabalariga;
– 15–20 foizi – 2-kurs talabalariga;
– 20–25 foizigacha – 3-kurs va undan yuqori kurs talabalariga ajratiladi.

Umumiy navbatda kunduzgi ta’limda o‘qiyotganlar, talaba qizlar, bakalavriat talabalari hamda OTM joylashgan hududdan boshqa hududda doimiy yashaydigan talabalar ham belgilangan ketma-ketlik bo‘yicha ustuvorlikka ega.

Yotoqxona to‘lovini kimlarga davlat qoplab beradi?

2026-yildan Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning talaba farzandlari uchun davlat OTMlari talabalar turar joyida yashash xarajatlarini Davlat budjeti hisobidan qoplab berish tartibi amal qilmoqda.

Buning uchun talaba davlat OTMida kunduzgi ta’lim shaklida o‘qishi va davlat OTMning yotoqxonasida shartnoma asosida yashashi kerak. Talabaning grant yoki kontraktda tahsil olayotgani ahamiyatga ega emas.

Oila Ijtimoiy reyestrning “kambag‘allik chegarasidagi oila” toifasiga kiritilgan sanadan boshlab ushbu imtiyoz 12 oy davomida saqlanadi.

Yotoqxonadan joy chiqmasa, kvartira pulining bir qismi ham qoplanadi

TTJdan joy ololmagan talaba kvartirada ijarada yashasa, ayrim hollarda ijara xarajatining bir qismini ham davlat qoplab beradi.

Bu imkoniyat davlat OTMlarining kunduzgi ta’lim shaklida o‘qiydigan, yotoqxona bilan qamrab olinmagan va o‘ziga yoki ota-onasiga tegishli bo‘lmagan uyda ijarada yashaydigan talabalar uchun amal qiladi. Nodavlat OTMlar va xorijiy universitetlar filiallari talabalari ushbu tartibga kirmaydi.

Amaldagi tartib bo‘yicha bunday talabalarning 60 foiziga oylik ijara to‘lovining 50 foizi Davlat budjetidan qoplab beriladi. Biroq kompensatsiya:

– Toshkent shahrida – 1 BHMdan;
– boshqa hududlarda – 0,5 BHMdan oshmaydi.

2026-yil 1-sentyabrdan BHM 440 ming so‘m bo‘lishini hisobga olsak, kompensatsiyaning eng yuqori miqdori Toshkent shahrida 440 ming so‘m, boshqa hududlarda esa 220 ming so‘m bo‘ladi.

Ijara kompensatsiyasi birinchi navbatda ehtiyojmand oilalar farzandlari, o‘rnak ko‘rsatgan va faol talabalarga ajratiladi.

Yana bir muhim yengillik bor: boshqa tuman yoki shahardan kelgan va TTJdan joy ololmagan 1-kurs talabalari sentyabr va oktyabr oylarida ijara shartnomasini taqdim etmasdan ham kompensatsiya olishlari mumkin. Noyabr oyidan boshlab esa ijara shartnomasi rasmiylashtirilgan bo‘lishi kerak.

Ijara kompensatsiyasi uchun ariza har oyning 1-sanasidan 7-sanasiga qadar Davlat xizmatlari markazi, my.gov.uz yoki Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining maxsus platformasi orqali topshirilishi mumkin. Kompensatsiya o‘quv yili davomida, odatda 1-sentyabrdan 1-iyulgacha to‘lanadi.

Fikrlar (0)
Avval yangilari