11:46, Avgust 19, 2026
/
5,6 тыс

Xorijiy til yo‘nalishlari bakalavrlaridan magistraturaga kirishda til sertifikati so‘raladi!

Yaqinda “Avlod Media” tahririyatiga magistraturaga qabul bo‘yicha murojaat kelib tushdi. Unda yozilishicha, Buxoro davlat universitetining “Xorijiy til va adabiyot” (ingliz tili) yo‘nalishini tamomlagan talabgorning magistratura uchun yuborgan arizasi rad qilingan. Bunga sabab qilib esa til sertifikati yuklanmagani ko‘rsatilgan.

Talabgorning yozishicha, u hujjat topshirish jarayonining til sertifikati yuklanadigan qismida “Xorijiy tilda ta’lim olganlik” bandini tanlab, bunga isbot sifatida diplomini yuklagan. Keyinchalik ariza rad etilgach Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan bog‘langan. Shunda unga diplomda ingliz tili bo‘yicha mutaxassis ekanligi yozilgan bo‘lsa-da, rad etilish sababi qilib o‘quv dasturining o‘zbek tilida bo‘lganligi tushuntirilgan.

Ariza haqli ravishda rad etilgan, bunga asosiy sabab esa ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoqlarda “Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar tizimini takomillashtirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida” gi Prezident farmonining bir yoqlama talqin qilinishidir.

Farmon matnida “ta’lim dasturini xorijiy tilda yakunlagan talabgorlardan ta’limning keyingi bosqichi uchun til sertifikati so‘ralmasligi” aniq yozilgan. Ammo bu ko‘pchilik orasida “Xorijiy til va adabiyot”, “Filologiya va tillarni o‘qitish”, “Lingvistika” kabi xorijiy tillar bilan bog‘liq qator yo‘nalishlarni bitirgan talabalardan ta’limning keyingi bosqichlarida til sertifikati so‘ralmas ekan degan xato qarashni shakllantirib qo‘ygan. “Abituriyent o‘qishga kirgan yildagi qabul parametrlariga ko‘ra aynan o‘sha xorijiy tilda tahsil olgani va bu holat bakalavr diplomi ilovasida aniq qayd etilgan bo‘lishi lozim”. Murojaatchimizning diplom ilovasiga e’tibor bersak ham uning ingliz tili bo‘yicha oliy ma’lumotli mutaxassis ekanligiga qaramay ta’lim tilining o‘zbek tili ekanligiga duch keldik.

Xulosa qilib aytganda, “ta’lim dasturi” va ta’lim yo‘nalishi” alohida tushunchalar. Aytaylik, Siz “Xorijiy til va adabiyot” yo‘nalishi” bo‘yicha bakalavr darajasiga ega bo‘lsangiz-u, ta’lim tilingiz o‘zbek tili bo‘lsa, bu imtiyoz tatbiq etilmaydi. Magistraturaga hujjat topshirish uchun, albatta, talab qilingan xorijiy til sertifikatini yuklashingiz shart.

Ushbu mavzuda so‘rovnoma o‘tkazib, murojaatchi kabi yana qancha shunday fikrdagi talabgorlarning arizalari rad etilgani bilan qiziqdik. So‘rovnomada ishtirok etganlarning 40 foizdan ortig‘i arizalarining rad etilganini bildirishgan. Demak, katta ehtimol bilan ular ham ushbu yangilikni noto‘g‘ri talqin qilishgan.

Magistraturaga qabul uchun rad etilgan hujjatlarni tahrirlash imkoniyati hozircha mavjud emas. Ammo o‘tgan yillardagi tajribadan kelib chiqib aytsak, ushbu imkoniyat berilishi kerak. Tahrirlash ochilishi haqida birinchilardan bo‘lib “Avlod Media” ning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida xabar beramiz.

Fikrlar (0)
Avval yangilari