07:51, Avgust 20, 2026
/
507

Britaniya universitetlari xorijlik talabalar uchun 128 million so‘mgacha chegirmalar e’lon qilmoqda

Buyuk Britaniyaning ayrim universitetlari xorijiy talabalarni jalb etish maqsadida magistratura bosqichida tahsil olish uchun 8 ming funt sterlinggacha (qariyb 128,2 mln so‘mgacha) chegirmalar taklif qilmoqda. Financial Times ma’lumotiga ko‘ra, ayrim oliy ta’lim muassasalarida mazkur chegirmalarni olish uchun alohida stipendiya tanlovida ishtirok etish yoki qo‘shimcha ariza topshirish talab etilmaydi. Talaba universitetga qabul qilingach, chegirma kontrakt to‘lovidan avtomatik ravishda chegirib qolinadi.

Mazkur tendensiya Buyuk Britaniyada xorijiy talabalar sonining qisqarishi, viza talablarining kuchayishi hamda universitetlar o‘rtasidagi raqobatning ortishi bilan izohlanmoqda.

22 ta universitet avtomatik chegirmalarni joriy qilgan

S Squared Insights konsalting kompaniyasi Buyuk Britaniyadagi 90 ta universitet takliflarini o‘rganib chiqqan. Tahlil natijalariga ko‘ra, kamida 22 ta universitet xorijiy magistratura talabalariga avtomatik kontrakt chegirmalarini taklif qilmoqda. Avval bunday stipendiya va imtiyozlar, asosan, cheklangan miqdordagi talabalar uchun ajratilib, nomzodlardan yuqori akademik ko‘rsatkichlar yoki boshqa qo‘shimcha mezonlarga javob berish talab etilar edi. Hozir esa ayrim universitetlar mazkur moliyaviy imtiyozlarni kengroq doiradagi xorijiy talabalar uchun taqdim etmoqda.

Chegirma miqdori 8 ming funtgacha yetmoqda

Jumladan, University of Nottingham 2026-yilda magistratura dasturlariga qabul qilingan xorijiy talabalarga 3 ming funt sterling (48,1 mln so‘m) miqdoridagi stipendiyani avtomatik ravishda taqdim etmoqda. Mazkur imtiyoz uchun alohida ariza topshirish talab qilinmaydi.

Ilgari universitetdagi shunga o‘xshash stipendiyalar talabalarning akademik natijalariga qarab ajratilgan.

University of Aberdeen esa xorijiy magistratura talabalariga 8 ming funt sterlinggacha chegirma taklif qilmoqda. Ushbu mablag‘ bevosita o‘qish uchun belgilangan kontrakt summasidan ayriladi.

Kent universitetida ham 2026-yil sentabrdan boshlab ayrim davlatlardan kelgan magistratura talabalariga 5 ming funt sterling (80,1 mln so‘m) miqdorida avtomatik chegirma berilishi belgilangan. Imtiyoz taqdim etiladigan 14 davlatning 12 tasi Osiyo mamlakatlari hisoblanadi. Universitet 2027-yil sentabrdan mazkur imkoniyatni barcha xorijiy talabalar uchun kengaytirishni rejalashtirmoqda.

Xorijiy talabalar soni nega kamaymoqda?

Buyuk Britaniya universitetlarining bunday qarorlar qabul qilishiga asosiy sabablaridan biri – xorijiy magistratura talabalarining kamayib borayotganidir.

2024-yildan boshlab Buyuk Britaniyada aksariyat magistratura talabalarining oila a’zolarini o‘zi bilan olib kelish imkoniyati cheklangan. Shuningdek, talaba vizalari va universitetlarning migratsiya talablariga rioya etishi bo‘yicha nazorat ham kuchaytirilgan. Natijada, so‘nggi ikki yil davomida magistratura bosqichida tahsil olayotgan xorijiy talabalar soni 17 foizga kamaygan.

Mazkur holat universitetlarning moliyaviy barqarorligiga ham ta’sir ko‘rsatmoqda. Sababi xorijiy talabalar tomonidan to‘lanadigan kontrakt mablag‘lari Buyuk Britaniyadagi ko‘plab oliy ta’lim muassasalari uchun muhim daromad manbalaridan biri hisoblanadi.

Xususan, Angliyada magistratura dasturlaridan tushgan kontrakt daromadlari 2023/2024-o‘quv yilidagi 5,5 milliard funtdan (qariyb 88,1 trln so‘m) 2024/2025-o‘quv yilida qariyb 5 milliard funtgacha (80,1 trln so‘m) kamaygan.

Universitetlar o‘rtasidagi raqobat kuchaymoqda

Mutaxassislar Buyuk Britaniya universitetlari o‘rtasidagi mavjud vaziyatni “narxlar urushi” sifatida baholamoqda. Xorijiy talabalar sonining qisqarishi fonida universitetlar ularni jalb qilish uchun kattaroq chegirmalar, stipendiyalar va soddalashtirilgan moliyaviy shartlarni taklif qilmoqda.

Bu xorijda ta’lim olishni rejalashtirayotgan talabalar uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratadi. Jumladan, ayrim universitetlarda avtomatik chegirmalar hisobiga magistratura bosqichidagi ta’lim xarajatlari bir necha ming funtga kamayishi mumkin.

Shu bilan birga, soha mutaxassislari universitetlar o‘rtasidagi raqobat faqat kontrakt narxiga asoslanishi kelgusida oliy ta’lim tizimining moliyaviy barqarorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini ta’kidlamoqda.

Fikrlar (0)
Avval yangilari