08:21, Avgust 20, 2026
/
641

Ijtimoiy reyestrdagi yoshlarning 50 foizgacha kontrakti qoplab beriladi

Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning 14–30 yoshdagi farzandlari kontrakt to‘lovining bir qismini davlat hisobidan qoplatishi mumkin. Yordam miqdori kontrakt summasining 50 foizigacha, biroq BHMning 50 baravaridan oshmagan miqdorda ajratiladi. Mazkur tartib Hukumatning 2022-yil 7-iyundagi 312-son qarorida belgilangan.

Kimlar yordam olishi mumkin?

Subsidiya Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning 14 yoshga to‘lgan, ammo 31 yoshga kirmagan a’zolari uchun mo‘ljallangan.

Undan:

– kasbiy ta’lim tashkilotlarida kunduzgi shaklda o‘qiyotganlar;

– davlat va nodavlat OTMlar talabalari;

– O‘zbekistondagi xorijiy universitetlar va ularning filiallarida bakalavriat yoki magistraturaning kunduzgi ta’lim shaklida kontrakt asosida tahsil olayotganlar foydalanishi mumkin.

Qancha pul qoplab beriladi?

Talabaning kontrakt summasining 50 foizigacha qoplab berilishi mumkin. Biroq ajratiladigan mablag‘ BHMning 50 baravaridan oshmaydi. Ariza “Mahalla yettiligi” tomonidan ko‘rib chiqiladi. Talabgor belgilangan mezonlarga mos kelsa, subsidiya ajratish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi.

Pul beriladi, ammo majburiyatlar ham bor

Kontraktining bir qismi qoplab beriladigan talaba bilan ijtimoiy shartnoma tuziladi. Unga ko‘ra, yordam oluvchi bir qator talablarni bajarishi kerak.

Jumladan, subsidiya ajratilgan semestrda talabaning o‘rtacha o‘zlashtirish ko‘rsatkichi kamida 4 baho bo‘lishi lozim.

Bundan tashqari, talaba:

– volontyorlik loyihalarida qatnashishi;

– 6 oy davomida “Mutolaa” loyihasi orqali har oy kamida bittadan kitob o‘qishi;

– 6 oy davomida “Ibrat farzandlari” loyihasi orqali xorijiy til o‘rganib, kamida B1 darajaga erishishi kerak.

Kimlarga bu yordam berilmaydi?

Subsidiya quyidagilarga tatbiq etilmaydi:

– ikkinchi va undan keyingi mutaxassislikda o‘qiyotganlarga;

– masofaviy, sirtqi va kechki ta’lim shaklidagi talabalarga;

– qo‘shma ta’lim dasturlarida tahsil olayotganlarga;

– tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qiyotganlarga.

Ariza qanday topshiriladi?

Talabgor Davlat xizmatlari markazi, my.gov.uz portali yoki Yoshlar yagona elektron platformasi orqali ariza topshirishi mumkin.

Shundan so‘ng murojaat belgilangan tartibda ko‘rib chiqilib, subsidiya ajratish masalasi hal qilinadi.

Fikrlar (0)
Avval yangilari