08:41, Avgust 20, 2026
/
947

O‘zbekistonda BYD va Chery mutaxassislari tayyorlaydigan texnikum ochilishi rejalashtirilmoqda

Toshkent shahrida China Oriental Education Holdings Limited kompaniyasi bilan hamkorlikda ko‘p tarmoqli Xitoy xalqaro texnikumini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Yangi ta’lim muassasasi uchun Xitoy kompaniyasi 5,1 mln dollar investitsiya kiritishi ko‘zda tutilgan. Bu haqida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasida ma’lum qilingan.

Texnikumni Bektemir tumanidagi Respublika televideniye va radio texnikumi binosida joylashtirish taklif etilmoqda. Mazkur bino yangi ta’lim muassasasiga 20 yil muddatga maqsadli foydalanish uchun bepul berilishi rejalashtirilgan.

BYD, Chery va JAC uchun ham mutaxassislar tayyorlanadi

Loyihaning e’tiborli jihatlaridan biri – texnikumda Xitoyning yirik avtomobil ishlab chiqaruvchilari BYD, Chery va JAC ehtiyojidan kelib chiqib o‘rta bo‘g‘in mutaxassislarini tayyorlash ko‘zda tutilganidir. O‘quvchilar ushbu kompaniyalar bilan bog‘liq yo‘nalishlarda amaliyot o‘tashi ham rejalashtirilmoqda.

Ta’lim kunduzgi, kechki va dual shaklda, to‘lov-kontrakt asosida tashkil etiladi. Bitiruvchilarga O‘zbekistonda tan olinadigan professional ta’lim diplomi bilan birga xalqaro sertifikatlar olish imkoniyati ham yaratilishi ko‘zda tutilgan.

5,1 mln dollar nimaga sarflanadi?

China Oriental Education Holdings loyiha doirasida mavjud binolarni rekonstruksiya qilishi, yangi ustaxonalar qurishi va ularni zamonaviy uskunalar bilan jihozlashi kerak. Texnikumda mahalliy va xorijiy o‘qituvchilar faoliyat olib borishi rejalashtirilgan. Shuningdek, mahalliy pedagoglarning Xitoyda malaka oshirishi ham tashkil etiladi.

Texnikum nodavlat ta’lim muassasasi sifatida faoliyat yuritadi. Uning muassislari China Oriental Education Holdings hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Professional ta’lim agentligi bo‘lishi ko‘zda tutilmoqda.

Amaldagi texnikum o‘quvchilari nima bo‘ladi?

Loyihaga ko‘ra, 2027/2028-o‘quv yilidan Respublika televideniye va radio texnikumiga yangi o‘quvchilar qabuli to‘xtatilishi rejalashtirilgan. Hozir ushbu texnikumda tahsil olayotgan o‘quvchilar esa amaldagi ta’lim dasturlari bo‘yicha o‘qishni davom ettirib, uni yakunlashlari mumkin bo‘ladi.

Hujjat loyihasi hozircha yakuniy qaror emas. U 2026-yil 1-sentyabrgacha jamoatchilik muhokamasida bo‘ladi.

Avvalroq Xivada Xitoyning Liaoning pedagogika universiteti filiali va Konfutsiy instituti tashkil etilgandi.

Fikrlar (0)
Avval yangilari