O‘zbekistonliklar uchun Shveysariya hukumati grantiga qabul ochildi

O‘zbekiston fuqarolari Shveysariyada ilmiy tadqiqot olib borish yoki PhD bosqichida tahsil olish uchun Swiss Government Excellence Scholarships 2027/2028 dasturiga ariza topshirishi mumkin. Hujjatlar 30-noyabrgacha onlayn qabul qilinadi.
Shveysariya hukumati xorijiy tadqiqotchilar uchun “Swiss Government Excellence Scholarships 2027/2028” dasturiga qabulni boshladi. Dastur xalqaro ilmiy almashinuv va Shveysariya oliygohlari bilan tadqiqot hamkorligini rivojlantirishga qaratilgan.
Kimlar ariza topshira oladi?
O‘zbekiston fuqarolari uchun 2027/2028-o‘quv yilida Research Fellowship va PhD Scholarship grantlari mavjud. Dastur bakalavriat yoki oddiy magistratura bosqichi uchun mo‘ljallanmagan.
– PhD Scholarship uchun nomzod magistr darajasiga ega bo‘lishi yoki uni 2027-yil 31-iyulgacha tamomlashi kerak. ETH Zurich uchun bu muddat 30-iyun etib belgilangan. Shuningdek, nomzod 35 yoshgacha, ya’ni 1992-yil 1-yanvar va undan keyin tug‘ilgan bo‘lishi talab qilinadi. Minimal yosh chegarasi alohida ko‘rsatilmagan.
– Research Fellowship esa asosan o‘z mamlakatida doktorantura bosqichida tahsil olayotgan va Shveysariyada muayyan ilmiy loyiha ustida tadqiqot olib borishni istagan yosh tadqiqotchilar uchun mo‘ljallangan.
Grant nimalarni beradi?
Grant sohiblaariga oyiga 2 450 Shveysariya franki (qariyb 36,3 mln so‘m) stipendiya beriladi. Ushbu mablag‘ bir kishining Shveysariyadagi asosiy yashash xarajatlarini qoplash uchun mo‘ljallangan. Bundan tashqari, O‘zbekiston Yevropa Ittifoqi yoki EFTA tarkibiga kirmagani sabab stipendiatlarning majburiy tibbiy sug‘urta xarajatlari qoplanadi. Turar joy uchun depozit sifatida bir martalik 600 frank (qariyb 8,9 mln so‘m) yordam beriladi. Shuningdek, dastur yakunlangach, ayrim stipendiatlarga O‘zbekistonga qaytish aviachiptasi uchun ham mablag‘ ajratiladi. Biroq grant universitetning kontrakt yoki semestr to‘lovlarini avtomatik ravishda qoplamaydi. Ayrim oliygohlarda bu xarajatlarni stipendiatning o‘zi to‘lashi talab qilinishi mumkin.
Qachongacha hujjat topshirish mumkin?
O‘zbekiston fuqarolari uchun arizalar 2026-yil 20-avgustdan qabul qilina boshlandi. So‘nggi muddat – 2026-yil 30-noyabr, Shveysariya vaqti bilan soat 23:59. O‘zbekiston uchun aynan Research Fellowship va PhD yo‘nalishlari ochilgan.
Grant asosidagi o‘qish yoki tadqiqot jarayoni 2027-yil 1-sentabrdan boshlanadi. PhD granti dastlab 12 oyga berilib, akademik natijalarga qarab 36 oygacha uzaytirilishi mumkin. Research Fellowship esa 6 oydan 12 oygacha davom etadi va uzaytirilmaydi.
Qayerdan ariza topshiriladi?
2027/2028-o‘quv yilidan boshlab hujjatlar faqat onlayn – Grants Online, ya’ni GO ESKAS platformasi orqali topshiriladi. Nomzod dastlab platformadan ro‘yxatdan o‘tadi, so‘ng shaxsiy kabinet orqali ariza va kerakli hujjatlarni yuklaydi. Arizani elektron pochta yoki qog‘oz shaklida yuborish talab etilmaydi – rasmiy tartib bo‘yicha hujjatlar faqat GO ESKAS orqali qabul qilinadi.
Ariza topshirish – GO ESKAS rasmiy platformasi
Dastur bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotni Shveysariyaning Toshkentdagi elchixonasidan olish mumkin.
Murojaat uchun elektron pochta manzili: tashkent@eda.admin.ch
Telefon raqami: +998 78 120 54 54
Qanday hujjatlar talab qilinadi?
Ariza topshirishda nomzoddan CV, motivatsion xat, batafsil ilmiy tadqiqot loyihasi, diplom va transkriptlar, pasport nusxasi hamda tavsiyanomalar talab qilinadi.
Eng muhim shartlardan biri – Shveysariyadagi universitet yoki ilmiy muassasadan ilmiy rahbar topish. Professor nomzodning tadqiqot loyihasini qo‘llab-quvvatlab, tegishli xat taqdim etishi kerak. Bunday ilmiy rahbar va uning qo‘llab-quvvatlash xatisiz ariza ko‘rib chiqilmaydi.
Shuningdek, onlayn arizada tegishli soha bo‘yicha ikki nafar professorning elektron pochta manzili ko‘rsatiladi. Tizim ularga bevosita murojaat qilib, tavsiyanoma yuklashni so‘raydi.
Nega bu grant e’tiborga loyiq?
Swiss Government Excellence Scholarships oddiy universitet stipendiyasidan farqli ravishda Shveysariya Konfederatsiyasi tomonidan moliyalashtiriladigan hukumat dasturi hisoblanadi. Grant g‘oliblari akademik salohiyat, tadqiqot loyihasining sifati hamda Shveysariyadagi ilmiy rahbar bilan kelgusidagi hamkorlik imkoniyati asosida tanlanadi.
Ariza topshirish bepul. Shveysariya hukumati grant nomidan foydalanib pul talab qiladigan soxta e’lon va elektron xatlardan ehtiyot bo‘lishni ham tavsiya qilmoqda.