Professor plagiat muammosidan keyin o‘lik holda topildi

Kembrij universitetining sobiq professori Jeyson Ardey 41 yoshida Londondagi uyida o‘lik holda topildi. U bundan bir hafta avval plagiat bilan bog‘liq ayblovlar va ilmiy faoliyati atrofidagi bahslar ortidan universitetdagi lavozimini tark etgan edi. BBC News xabariga ko‘ra, 14-avgust kuni Londonning Battersea hududidagi manzilga tez yordam va politsiya chaqirilgan. Ardey u yerda hushsiz holatda topilgan, tibbiyot xodimlari esa uning vafot etganini tasdiqlagan. London politsiyasi uning o‘limini kutilmagan holat sifatida baholamoqda, biroq hozircha o‘limda shubhali holatlar aniqlanmagan.
Ardeyning oilasi uning o‘limidan larzaga tushganini bildirib, so‘nggi paytlarda u haqda tarqalgan noto‘g‘ri ma’lumotlar va kuchli jamoatchilik bosimi professorga og‘ir ta’sir qilganini aytgan.
Plagiat mojarosi qanday boshlangan?
Jeyson Ardey 2023-yilda, 37 yoshida Kembrij universitetining eng yosh qora tanli professorlaridan biri sifatida tanilgan edi. U universitetda ta’lim sotsiologiyasi professori bo‘lib ishlagan. Biroq yaqinda boshqa bir akademik Ardeyning ayrim ilmiy ishlarida plagiat holatlari borligini da’vo qildi. Shundan so‘ng uning ilmiy ishlari, akademik faoliyati va tarjimai holidagi ayrim ma’lumotlar Britaniya OAVlarida keng muhokama qilina boshladi.
Ardey plagiat bo‘yicha ayblovlarni rad etgan, biroq ayrim dastlabki ilmiy ishlarida xatolarga yo‘l qo‘yganini tan olgan. Uning tushuntirishicha, bu xatolarning ayrimlari autizm bilan bog‘liq bo‘lgan. Ardey ma’lumotlarni tushunish va o‘zlashtirish jarayonida ba’zan boshqalarning yozish uslubiga taqlid qilishga tayanganini aytgan. Professor o‘limidan avval bergan intervyularidan birida so‘nggi voqealar oddiy akademik tanqid doirasidan chiqib, shaxsiy hujum va tinimsiz bosimga aylanganini ta’kidlagan edi.
Mojarodan so‘ng Kembrijni tark etgan
Ardey 5-avgust kuni Kembrij universitetidagi professorlik lavozimidan iste’fo bergan. U o‘z bayonotida tinimsiz ayblovlar, turli taxminlar va jamoatchilik muhokamalari o‘zi hamda yaqinlariga katta bosim o‘tkazganini bildirgan. Shu bilan birga, Ardey universitetni tark etishi o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni tan olganini anglatmasligini alohida ta’kidlagan. Keyinchalik Kembrij universiteti Ardeyning professor sifatida ishga qabul qilinishi jarayoni yuzasidan mustaqil tekshiruv o‘tkazilishini e’lon qilgan edi. Universitet vitse-kansleri Debora Prentis Ardeyning o‘limidan so‘ng uning oilasi va yaqinlariga hamdardlik bildirdi.
Avvalgi tekshiruv plagiatni tasdiqlamagan
Jeyson Ardey 2015-yilda Liverpool John Moores University’da doktorlik darajasini olgan.Uning dissertatsiyasi va ayrim ilmiy maqolalariga oid plagiat da’volari avval ham tekshirilgan. Universitet o‘sha tekshiruv yakunida Ardey plagiat qilmagan degan xulosaga kelgan. Shunga qaramay, yangi ayblovlardan so‘ng Kembrij bilan bir qatorda, professor ilgari faoliyat yuritgan Glazgo universiteti ham uning akademik ishlarini qayta ko‘rib chiqishga kirishgan.
18 yoshigacha o‘qish va yozishda qiynalgan
Ardeyning hayot yo‘li ham uning keng tanilishiga sabab bo‘lgan. U bolaligida 11 yoshigacha deyarli gapirmagani, 18 yoshigacha esa o‘qish va yozishda jiddiy qiyinchiliklarga duch kelgani haqida so‘zlab kelgan. Keyinchalik Ardey jismoniy tarbiya o‘qituvchisi sifatida faoliyat boshlagan, doktorlik darajasini olgan hamda Durham va Glazgo universitetlarida ishlagan. 2023-yilda esa Kembrij universitetining ta’lim sotsiologiyasi professori etib tayinlangan. U 2012-yilgi London Olimpiadasi mash’alasi estafetasida ham qatnashgan. Ardeyning hayoti haqida hikoya qiluvchi “Great And Unfortunate Things” nomli xotiralar kitobi Buyuk Britaniyada 27-avgust kuni nashr etilishi rejalashtirilgan edi.
Professorning o‘limidan so‘ng uning yaqinlari, sobiq hamkasblari, siyosatchilar va akademiklar hamdardlik bildirdi. Voqea, shu bilan birga, akademik tanqid qayerda tugashi va shaxsga qaratilgan ommaviy bosim qayerdan boshlanishi kerakligi haqidagi bahslarni ham kuchaytirdi.