08:24, Avgust 24, 2026
/
389

Nizomiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy pedagogika universitetining yangi kampusi ochildi

Ayni paytda Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev O‘zbekistonda bo‘lib turibdi.



Tashrifning ilk kunida 2 davlat rahbari Yangi Toshkentda Nizomiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy pedagogika universitetining yangi kampusini tantanali ochish marosimida ishtirok etdilar. Davlat rahbarlari Nizomiy Ganjaviy haykali yonida daraxt ekdilar.



Prezidentlarga universitet majmuasining qurilish jarayonlari, taʼlim infratuzilmasi va kampusni rivojlantirish rejalari haqida maʼlumot berildi.

40 gektar maydonda barpo etilayotgan kampus qurilishi ikki bosqichda amalga oshirilmoqda. Bu yerda jami 20 ming nafar talabaga moʻljallangan oʻquv binolari hamda 5 ming oʻrinli talabalar turar joylarini tashkil etish koʻzda tutilgan.

Birinchi bosqich doirasida 12 ming oʻrinli besh qavatli oʻquv binosi va zamonaviy laboratoriya majmuasi qurildi.

Shuningdek, prezidentlar kampusdagi o‘quv va ilmiy infratuzilma, axborot-resurs markazi hamda Nizomiy Ganjaviy merosiga bag‘ishlangan muzey ekspozitsiyasi bilan tanishdi.

Muzeyda buyuk ozarbayjon shoiri va mutafakkirining hayoti va ijodi, ma’naviy merosi, shuningdek, O‘zbekiston va Ozarbayjon xalqlari o‘rtasidagi ko‘p asrlik madaniy va adabiy aloqalar aks ettirilgan.

Davlat rahbarlari ta’lim, ilm-fan va madaniyat sohalaridagi hamkorlik ikki qardosh xalqni yanada yaqinlashtirish hamda yosh avlodni umumiy ma’naviy qadriyatlar ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. 

Ma’lumot o‘rnida, Oʻzbekiston Milliy pedagogika universitetining yangi kampusi Yangi Toshkentda joylashgan.

Fikrlar (0)
Avval yangilari