09:35, Avgust 24, 2026
/
404

Universitet talabalari mashg‘ulot vaqtida YTHga uchradi: qurbonlar bor

AQShning Tennessi shtatida universitet talabalari uchun odatiy mashg‘ulot dahshatli fojiaga aylandi.

Milligan University velosport jamoasining 11 nafar a’zosi 19-avgust kuni ertalabki mashg‘ulot uchun yo‘lga chiqqan. Biroq Hampton shahri yaqinida ularni avtomobil urib yuborgan.

Fojia oqibatida universitetning ikki talabasi halok bo‘lgan, yana yetti nafari jarohatlangan.

Halok bo‘lganlar – 19 yoshli talabalar

Universitet prezidenti Stephen Waersning ma’lum qilishicha, halok bo‘lganlar ikkinchi bosqich talabalari Haylan Engdahl va Brayden Rogers.

Jarohatlangan yetti talaba shifoxonaga olib ketilgan. Hodisa kuni kechqurun ularning to‘rt nafari og‘ir ahvolda, ikki nafari barqaror holatda shifoxonada qolayotgani, yana bir talaba esa shifoxonadan chiqarilgani ma’lum qilingan.

69 yoshli haydovchi hibsga olindi

Hodisaga sabab bo‘lgan avtomobilni 69 yoshli erkak boshqargan. U hibsga olinib, unga ikki kishining ehtiyotsizlik oqibatida o‘limiga sabab bo‘lish va besh kishiga og‘ir tan jarohati yetkazish bilan bog‘liq ayblovlar qo‘yilgan.

Tergovchilar avariya sabablarini o‘rganmoqda.

Ular oddiy mashg‘ulotga chiqqan edi…

Eng achinarlisi, talabalar musobaqaga emas, shunchaki navbatdagi ertalabki mashg‘ulotga chiqishgan.

Milligan University velosport jamoasi esa AQShdagi kuchli jamoalardan biri hisoblanadi. Jamoa shu yil USA Cycling Collegiate Road Nationals musobaqasida jamoaviy vaqt poygasida milliy chempionlikni qo‘lga kiritgan edi.

Endi esa jamoa ikki nafar sportchi-talabasidan ayrildi.

Universitet rektori talabalar va ularning oilalariga hamdardlik bildirib, og‘ir vaziyatda universitet jamoasi bir-birini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.

Bir guruh talaba uchun oddiy mashg‘ulot bo‘lib boshlangan kun ikki oilaning hayotini butunlay o‘zgartirdi.

Fikrlar (0)
Avval yangilari