12:40, Avgust 24, 2026
/
1,7 тыс

“Perevod”da ham super-kontrakt borligini bilasizmi?

Xorijiy va nodavlat OTMlardan davlat OTMlariga o‘qishini ko‘chirmoqchi bo‘lgan, ammo maxsus sinovlarda o‘tish balini to‘play olmagan talabalar ham o‘qishini ko‘chirish imkoniyatiga ega.

2026-yil 19–20-avgust kunlari xorijiy va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlaridan davlat OTMlariga o‘qishni ko‘chirish istagidagi talabalar uchun maxsus test sinovlari o‘tkazildi. Sinov natijalari ham e’lon qilindi.

O‘tish balini olganlar bazaviy kontrakt to‘laydi

Hukumatning 2025-yil 13-sentyabrdagi 578-son qaroriga ko‘ra, maxsus sinov natijasida o‘tish baliga teng yoki undan yuqori ball to‘plagan talabalar tegishli ta’lim yo‘nalishi uchun belgilangan bazaviy to‘lov-kontrakt asosida o‘qishini ko‘chirishlari mumkin.

Ya’ni, talabaga belgilangan o‘tish balini olishning o‘zi yetarli – bunday holatda undan super-kontrakt talab qilinmaydi.

Balli yetmaganlar-chi?

O‘tish balidan past ball to‘plagan talabalar esa arizasiga ko‘ra qo‘shimcha yoki tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishini ko‘chirishlari mumkin.

Agar talabaning bali bakalavriatga kirish uchun belgilangan minimal balldan kam bo‘lmasa va o‘tish baliga 4 ballgacha yetmagan bo‘lsa, qo‘shimcha kontrakt miqdori quyidagicha belgilanadi:

  • 1,05 ballgacha yetmaganlar – bazaviy kontraktning 1,5 baravari;
  • 1,05–2,05 ballgacha yetmaganlar – 2 baravari;
  • 2,05–3,05 ballgacha yetmaganlar – 2,5 baravari;
  • 3,05–4,05 ballgacha yetmaganlar – 3 baravari.
  •  

4 balldan ko‘proq yetmaganlar ham imkoniyatga ega

Minimal balldan kam bo‘lmagan, biroq o‘tish baliga 4 balldan ortiq yetmagan va o‘qishini ko‘chirish istagini bildirgan talabalar ham tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishini ko‘chirishlari mumkin.

Bunda tabaqalashtirilgan kontrakt miqdori tegishli tartibda, oliygoh rektorlari tomonidan belgilanadi.

Talaba birinchi o‘quv yili uchun belgilangan to‘lov-kontrakt summasining kamida 50 foizini to‘lagandan so‘ng OTM rektori yoki direktori buyrug‘i bilan o‘qishga qabul qilinadi.

Qisqa qilib aytganda:

O‘tish baliga yetdi → bazaviy kontrakt.

4 ballgacha yetmadi → 1,5–3 baravargacha qo‘shimcha kontrakt.

4 balldan ko‘proq yetmadi → tabaqalashtirilgan kontrakt.

Demak, maxsus testda yetarli ball to‘play olmagan talabalar uchun ham imkoniyat bor. Faqat buning uchun ko‘proq kontrakt to‘lashga to‘g‘ri kelishi mumkin.

Fikrlar (0)
Avval yangilari