“Media maktab” yakunlandi!

Respublika kontent markazi, Ilm-fan va ta’lim-tarbiyani rivojlantirish “Ziyo Forum” fondi hamda “Avlod Media” hamkorligida tashkil etilgan “Media Maktab” o‘quv loyihasi o‘z yakuniga yetdi. 500 dan ortiq arizalar orasidan saralab olingan 20 nafar oshlar ichida finalgacha yetib kelgan eng iqtidorli va g‘ayratli yoshlar 1,5 oy davomida davom etgan intensiv o‘quv dasturini muvaffaqiyatli tamomlab, maxsus sertifikatlar bilan taqdirlandilar.

Loyiha davomida qanday natijalarga erishildi?
- Amaliy jurnalistika va storitelling: Ishtirokchilar 18 ta maxsus mashg‘ulot davomida auditoriya ehtiyojlarini o‘rganish, hodisalarni jonli hikoyaga aylantirish hamda Reels, Shorts va TikTok uchun 30-60 soniyali ta’sirchan ssenariylar yozishni o‘rgandilar.
- Faktcheking va AI imkoniyatlari: Yoshlar axborot xavfsizligi, feyk xabarlarni aniqlash, OSINT va jurnalistikada sun’iy intellekt vositalaridan unumli foydalanish ko‘nikmalarini egallashdi.
- Real tahririyat muhiti: Quruq nazariyadan qochgan holda, notanish odamlar bilan muloqot qilish, stand-up reportajlar tayyorlash va podcastlarda ishlash mashqlari o‘tkazildi.
Yakuniy loyihalar taqdimoti
Taqdirlash marosimidan avval bitiruvchilar jamoalarga bo‘lingan holda o‘zlarining ilk mualliflik raqamli media mahsulotlarini – qisqa video reportajlar, eksplaynerlar va qahramonlar haqidagi ta’sirchan hikoyalarni namoyish etishdi.
Sohaning yetuk ekspertlari va media trener Dilfuza Mirzahmedova hamda Sultonbek Kucharov boshchiligida tayyorlangan ushbu yoshlar endilikda nafaqat nazariy bilimlarga, balki zamonaviy media makonda o‘z o‘rnini topa oladigan amaliy ko‘nikmalarga ham ega. Loyiha ular uchun yangi ilmlar beribgina qolmay, birgalikda ishlash ko‘nikmasini shakllantirgani esa alohida e’tirofga sazovor.

Taqdirlash marosimidan keyin ishtirokchilarning fikrlari bilan ham qiziqdik. Loyihaning eng faol qatnashchilaridan biri Zebiniso Ergasheva shunday deydi: “O‘zim media sohasida 5 yildan buyon ishlayman, lekin bilmaydigan narsalarim ko‘p ekan. Menga juda ham foydali bo‘ldi. Va eng qiynalgan jihatlarim bu montaj jarayoni bo‘ldi, chunki umuman montaj qilmaganman. Har doim intervyular, reportajlar qilardim. Bu juda foydali va har bitta talabaga tavsiya qilardim o‘qishlarini.
…Saytlar bilan ishlashni o‘rgandim, faktchekingda qanaqa ishlashni o‘rgandim. Juda ko‘p narsa oldim o‘zim uchun”.

“Avlod Media” jamoasi barcha bitiruvchilarni erishilgan ushbu natija bilan tabriklaydi va ularning kelgusi ijodiy faoliyatida ulkan zafarlar tilaydi!