08:10, Sentabr 2, 2026
/
241

Ba’zi toifadagi xodimlar farzandlariga kontrakt to’lovi qoplab beriladi

“Tabiat uyg‘unligi himoyachisi” tanlovida g‘olib bo‘lgan xodimlarning davlat OTMlarida kontrakt asosida o‘qiyotgan farzandi yoki nevarasining bir yillik o‘qish to‘lovi qoplab beriladi.

Tanlovda sanitar tozalash va obodonlashtirish sohasida kamida 10 yil samarali mehnat qilgan xodimlar ishtirok etishi mumkin.

Kimlar qatnasha oladi?

Chiqindilarni yuklash, tashish, joylashtirish va saralash bilan shug‘ullanuvchi, shuningdek, obodonlashtirish boshqarmalarida faoliyat yuritayotgan va kamida 10 yil mehnat stajiga ega bo‘lgan ishchi-xodimlar tanlovda qatnashishi mumkin.

Qancha kontrakt to‘lab beriladi?

Tanlovda g‘olib bo‘lgan 100 nafar xodimning davlat OTMida to‘lov-kontrakt asosida tahsil olayotgan farzandi yoki nevarasining bir yillik kontrakt to‘lovi qoplab beriladi.

Bunda to‘lov miqdori BHMning 30 baravaridan oshmasligi belgilangan.

Muhim jihati: ushbu imtiyozdan foydalangan talabalar kelgusida davlat organlari va tashkilotlarida kamida 3 yil ishlab berish majburiyatini oladi.

Ariza uchun qanday hujjatlar kerak?

– biometrik pasport yoki ID-karta nusxasi;

– 3×4 sm hajmdagi rangli fotosurat;

– ma’lumotnoma (obyektivka);

– nomzodning so‘nggi 3 yil davomida amalga oshirgan ishlari, erishgan natijalari va tashabbuslari aks ettirilgan tavsifnoma;

– farzandi yoki nevarasining davlat OTMida kontrakt asosida tahsil olayotganini tasdiqlovchi ma’lumotnoma va shartnoma nusxasi;

– davlat OTMida tahsil olayotgan shaxsning nomzodga qarindoshligini tasdiqlovchi hujjat.

Arizalar qachongacha qabul qilinadi?

Arizalar 2026-yil 1-sentyabrdan 1-oktyabrgacha sanitar tozalash korxonalari va obodonlashtirish boshqarmalarida qabul qilinadi.

Fikrlar (0)
Avval yangilari