“Yangi O‘zbekiston” universiteti xalqaro reytingga kirdi

“Yangi O‘zbekiston” universiteti Buyuk Britaniyaning Oliy ta’lim sifatini ta’minlash agentligi (QAA) tomonidan institutsional akkreditatsiyadan o‘tdi.
Akkreditatsiya jarayonida universitetning ta’lim sifatini ta’minlash tizimi “Yevropa oliy ta’lim hududida sifatni ta’minlash standartlari (ESG)”ning 10 ta indikatori asosida baholandi.
Mazkur natija bilan “Yangi O‘zbekiston” universiteti Markaziy Osiyoda QAA institutsional akkreditatsiyasidan o‘tgan uchinchi universitet bo‘ldi.
QAA akkreditatsiyasi OTMga nima beradi?
QAA akkreditatsiyasi — universitetdagi ta’lim sifati va uni nazorat qilish tizimi xalqaro talablar asosida baholanganini anglatadi.
Bunday akkreditatsiya OTM uchun xalqaro nufuzini oshirish, ta’lim sifatini yanada yaxshilash va xorijiy universitetlar bilan hamkorlik qilish imkoniyatlarini kengaytirishda muhim ahamiyatga ega. Shuningdek, universitetning xalqaro akademik maydondagi ishonchliligini oshiradi.
Eslatib o‘tamiz, Maqsut Narikbayev University QAA institutsional akkreditatsiyasidan o‘tgan Markaziy Osiyodagi birinchi, Nazarbayev University esa ikkinchi universitet hisoblanadi.

