07:23, Sentabr 7, 2026
/
210

Jahon tillari universiteti talabalari uchun vaqtinchalik avtobus yo‘nalishi yo‘lga qo‘yiladi

2026/2027-o‘quv yili boshlanishi munosabati bilan bugun 7-sentyabrdan boshlab “Mirzo Ulug‘bek” metro bekati – O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti yo‘nalishida vaqtinchalik avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar berdi.

Unga ko‘ra, harakat ertalabki tig‘iz vaqtda, soat 07:00 dan 08:00 gacha amalga oshiriladi. Buning uchun 4 ta katta sig‘imli avtobus jalb qilinadi. Avtobuslar talabalarni “Mirzo Ulug‘bek” metrosi oldidan universitetning har ikkala o‘quv binosiga yetkazadi. Bu degani ular “Mirzo Ulug‘bek” metrosi, shuningdek, Taxtagul, THAY, Lutfiy, Ko‘kcha Darvoza, Zakovat ko‘chalari bo‘ylab yuradi.

Vazirlikning yozishicha, hozirda ushbu oliygoh talabalarining katta qismi universitetga borishda “Chilonzor” metro bekatigacha yetib borib, undan keyin avtobuslarga o‘tadi, bu esa ertalabki tig‘iz vaqtda ushbu yo‘nalishdagi jamoat transportlarida yo‘lovchilar oqimi ortishi sababli yuklama oshishiga olib keladi. Bunga yo‘l qo‘ymaslik uchun yangi yo‘nalish tashkil etilmoqda.

“Yangi vaqtinchalik yo‘nalish orqali talabalar “Mirzo Ulug‘bek” metro bekatidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri universitetgacha avtobusda yetib borishlari mumkin bo‘ladi”, – deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq avtobusda yo‘l haqi to‘lamaganlarning 70 foizini talabalar tashkil etgani haqida yozgan edik.

Fikrlar (0)
Avval yangilari