Buxoroda talaba qizga shilqimlik qilgan tyutor qamaldi

Buxorodagi oliygohlardan birida faoliyat yurituvchi tyutor A.A. o‘z guruhidagi talaba qizga nisbatan shahvoniy shilqimlik qilgani uchun 3 sutkalik ma’muriy qamoq jazosiga tortildi. Bu haqida “Daryo” internet nashri xabar berdi.
Holat 2026-yilning 14-avgust oqshomida, soat 22:00 atrofida yuz bergan. O‘qituvchi qizga telefon qilib, oraliq imtihonlarini yopib berishni va’da qilgan va suhbat davomida unga tegajog‘lik qilgan. Tyutorning bu xatti-harakatidan cho‘chib ketgan talaba huquq-tartibot idoralariga arz qilishini bildirgan. Biroq, A.A. qo‘ng‘iroqlarni to‘xtatmay, qizning sha’ni va qadr-qimmatini toptovchi haqoratli so‘zlarni ishlatishda davom etgan.
Sud majlisida ayblanuvchi o‘z qilmishiga to’la iqror bo‘ldi. U o‘sha kuni spirtli ichimlik ta’sirida bo‘lgani sababli shunday ishga qo’l urganini aytib, talabadan uzr so‘raganini va bu voqea qayta yuz bermasligini ta’kidlagan. Jabrlanuvchi qiz esa tyutor bilan avvalroq hech qanday ziddiyati bo‘lmaganini qayd etib, unga nisbatan da’vosi yo‘qligini ma’lum qilgan.
Yakuniy qarorga ko’ra, Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro shahar sudi A.A.ni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 411-moddasi 1-qismi (Shahvoniy shilqimlik qilish) bilan huquqbuzarlik sodir etgan deb topdi va unga nisbatan 3 sutka ma’muriy qamoq jazosini belgiladi.