13:45, Sentabr 8, 2026
/
7,5 тыс

Yana bir oliygohda “fakultet” va kafedra” tuzilmalari tugatilmoqda

Yaqinda qabul qilingan Prezident qaroriga muvofiq, 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida ta’lim tizimi tubdan yangilanadi. Ushbu hujjatdagi rasmiy qoidalarni oddiy tilda tahlil qiladigan bo‘lsak, yoshlar va abituriyentlar uchun bir qator ajoyib imkoniyatlar eshigi ochilayotganini ko‘rishimiz mumkin.

Eng avvalo, Akademiyadagi ta’lim jarayoni dunyoning Top-1000 talik reytingiga kirgan universitetlari hamda “Yangi O‘zbekiston” universiteti tajribasi asosida takomillashtiriladi. Bu amaliyotda eskirgan yondashuvlardan to‘liq voz kechilib, darslar xalqaro standartlar asosida o‘tilishini anglatadi. Shuningdek, qotib qolgan an’anaviy “fakultet” yoki “kafedra”lar o‘rniga, “ta’lim – tadqiqot – amaliyot” integratsiyasini ta’minlash maqsadida xalqaro modeldagi “Maktablar” (school) va sho‘balar tizimi joriy etiladi. Ya’ni, kursantlar endilikda faqat nazariya bilan cheklanmay, bevosita real muammolar va vaziyatlar ustida ishlab o‘qishadi.

Ta’lim jarayonining amaliyot bilan uzviy bog‘liqligi yana bir muhim qoidada o‘z aksini topgan. Unga ko‘ra, darslar kredit-modul tizimi asosida tashkil etilib, kursantlar birinchi kursdanoq hududiy bo‘linmalarga biriktiriladi. Demak, talabalar uch-to‘rt yil davomida faqat parta ortida o‘tirmaydi, balki to‘g‘ridan to‘g‘ri tuman yoki shahar IIB bo‘linmalarida haqiqiy xodimlar bilan birga xizmatni o‘rganib boradi. Bundan tashqari, bitiruvchi kurs kursantlariga o‘qishni yakunlaguniga qadar “katta serjant” maxsus unvoni berilishi belgilangan.

Hujjatdagi eng katta va shov-shuvli yangilik esa oddiy fuqarolar uchun nufuzli ta’lim maskanida o‘qish imkoniyatining yaratilganidir. Endilikda Akademiya umumiy asoslarda yurisprudensiya va psixologiya sohalarida talabalarni to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish huquqiga ega bo‘ldi. Buning amaliy ahamiyati shundaki, endi Akademiyada tahsil olish uchun faqatgina kelajakda ichki ishlar xodimi bo‘lishni rejalashtirish shart emas. Istalgan abituriyent shartnoma asosida huquqshunos yoki psixolog bo‘lib yetishishi mumkin. Eng qizig‘i shundaki, bunday asosda o‘qishni tamomlagan bitiruvchilarga diplom bilan bir qatorda “zaxiradagi ofitser” harbiy unvoni ham taqdim etiladi.

Fikrlar (0)
Avval yangilari