08:14, Sentabr 9, 2026
/
448

21 yoshli talabadan 500 gramm narkotik topildi (video)

O‘zbekistonda narkotik moddalar tarqatish bilan shug‘ullangan transmilliy jinoiy uyushmaning 14 nafar a’zosi qo‘lga olindi. Tezkor tadbirlar davomida ulardan jami 2 kilogramm 500 gramm alfa-PVP sintetik giyohvandlik moddasi olib qo‘yilgan. Mazkur miqdor 71 ming 433 ta bir martalik dozaga teng. Bu haqida Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.

Jinoiy guruh orasida talaba ham bo‘lgan

Qo‘lga olinganlar orasida 2005-yilda tug‘ilgan, nufuzli OTMning 3-bosqich talabasi ham bor. Aniqlanishicha, u internetdagi narkodo‘konda “kladmen” sifatida faoliyat yuritgan. Talaba boshqargan Onix rusumli avtomobil Yangihayot tumanidagi postda to‘xtatilib, tekshirilgan. Natijada avtomobil saloniga yashirilgan 500 gramm alfa-PVP aniqlangan.

Narkotarmoqning boshqa a’zolari ham ushlandi

Tezkor tadbirlar davomida jinoiy tarmoqning Toshkent shahri va Namangan viloyatidagi boshqa a’zolari ham aniqlangan.

Jumladan:

  • 7 nafar omborchi;
  • ularga ishlagan 6 nafar “zakladchik” qo‘lga olingan.

Tergov-tezkor tadbirlari natijasida ularning barchasi yagona narkotarmoqning o‘zaro bog‘langan bo‘g‘inlari ekani aniqlangan.

Jinoiy uyushma yetakchilaridan biri esa xorijiy davlat hududida yashirinib yurgani aniqlangan. U xorijiy davlat huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan qo‘lga olingan.

Operatsiya bir nechta hududda o‘tkazilgan

Amaliyot IIV Tezkor-qidiruv departamenti va uning hududiy bo‘linmalari, DXX hamda Bojxona qo‘mitasi tomonidan xorijiy huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda o‘tkazilgan.

Tadbirlar Toshkentning Chilonzor, Yunusobod, Yangihayot, Bektemir va boshqa hududlarini qamrab olgan.

Holat yuzasidan qo‘lga olinganlarning barchasiga nisbatan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 6-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ularga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Batafsil video

Fikrlar (0)
Avval yangilari