Ayrim oliygohlar talabalari grant asosida IIV akademiyasiga o‘qishni ko‘chirishi mumkin

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 26-avgustdagi PQ-303-sonli qarori bilan ichki ishlar organlari uchun kadrlar tayyorlash tizimida yangi o‘zgarishlar tasdiqlandi. Unga ko‘ra, endilikda oliy ta’lim muassasalarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishidagi tahsil olayotgan talabalar uchun Ichki Ishlar Vazirligi Akademiyasiga o‘qishni ko‘chirish imkoniyati yaratildi.

Talabgorlar Akademiya bakalavriatining kunduzgi “Yurisprudensiya” (Raqamli texnologiyalar sohasida jinoyatlarga qarshi kurashish) yo‘nalishiga o‘qishini ko‘chirish imkoniga ega bo‘ladilar. Qabul jarayoni “2+2” dasturi doirasida maqsadli tanlov orqali amalga oshirilib, eng asosiysi, o‘qishga saralangan talabalar 2 yil davomida to‘liq davlat granti asosida tahsil olishadi.