Eronda talaba qizlar uchun hijob o‘rash tartibi qat’iylashtirilmoqda

Eronning Fan va sog‘liqni saqlash vazirligi oliy ta’lim muassasalarida tahsil oluvchi xotin-qizlar uchun yangi hijob qoidalari joriy etilishini ma’lum qildi. Tez kunda ommaga e’lon qilinishi kutilayotgan ushbu talablar universitet mutasaddilari bilan olib borilgan qator muhokamalardan so‘ng, o‘zaro kelishuv asosida ishlab chiqilgan.
Eron oliygohlari vakillik tashkilotining madaniyat masalalari bo‘yicha mas’uli Said Keremining ta’kidlashicha, ushbu qoidalar amaliyotga tatbiq etilgach, ko‘chalarda kuzatilayotgan ro‘molsiz yurish holatlariga universitet hududida mutlaqo chek qo‘yiladi.
Norasmiy manbalar ham mazkur yangi tartib aynan talaba qizlar ustidan majburiy hijob nazoratini yanada kuchaytirish maqsadida qabul qilinayotganini tasdiqlamoqda.