13:27, Sentabr 9, 2026
/
4,1 тыс

Universitetlarda afrikalik talabalar soni oshdi

Rossiya universitetlarida Afrika davlatlaridan tahsil olayotgan talabalar soni so‘nggi olti yilda deyarli ikki baravar ko‘paydi. Bu haqida Sharqiy iqtisodiy forumida bo‘lib o‘tgan “Rossiya va Afrikaning inson kapitali: sheriklik kelajagiga investitsiyalar” sessiyasida ma’lum qilindi.

Afrika xalqaro kongressining Afrika davlatlari hokimiyat organlari va diplomatik vakolatxonalari bilan ishlash yo‘nalishi rahbari Xose Fernando Sambuning aytishicha, 2020-yilda Rossiya universitetlarida 17,5 mingga yaqin afrikalik talaba tahsil olgan bo‘lsa, hozirda ularning soni 35 ming nafarga yetgan.

Mutaxassis bu o‘sishni xorijlik talabalarni qabul qilish imkoniyatlarining kengayishi, xalqaro aloqalarning rivojlanishi hamda Afrika davlatlarida Rossiya universitetlarining tayyorlov fakultetlari tashkil etilgani bilan izohladi.

Shuningdek, Rossiya va Afrika davlatlari o‘rtasidagi hamkorlikda ta’lim va yoshlar siyosati ustuvor yo‘nalishlardan biri ekani ta’kidlandi. Yosh mutaxassislar esa ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirishda muhim omil sifatida qayd etildi.

Fikrlar (0)
Avval yangilari