11:30, Sentabr 10, 2026
/
2,2 тыс

Ayrim oliy ma’lumotli shaxslar kasbga qayta tayyorlanadi

Hukumatning 2026-yil 7-sentyabrdagi 472-son qarori bilan “Oliy ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslarni texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish va metrologiya yo‘nalishi bo‘yicha kasbiy qayta tayyorlash tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi. Unga ko‘ra, texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish va metrologiya yo‘nalishlarida oliy ma’lumotli kadrlar qayta kasbiy tayyorlovdan o‘tadi.

O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining O‘zbekiston standartlar instituti tomonidan qayta tayyorlash kurslari har yili yilning boshida qayta tayyorlash kurslarini o‘tkazish bo‘yicha ishlab chiqilgan hamda tasdiqlangan reja-jadval asosida tashkil etiladi.

Buyurtmachi qayta tayyorlash kurslarini tashkil etish uchun onlayn tarzda (Institutning rasmiy veb-sayti yoki Edu.tris.uz platformasi orqali) yoki bevosita Institutga ariza bilan yozma murojaat qiladi.

Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:

➖qayta tayyorlash kurslarida o‘qish uchun buyurtmachining belgilangan shakl bo‘yicha anketasi;

➖buyurtmachi xorijiy davlatlarda ta’lim olgan bo‘lsa, xorijiy davlatlarda ta’lim olganligini tasdiqlovchi hujjatning va vakolatli davlat organi tomonidan berilgan ta’lim to‘g‘risidagi hujjatning tan olingani yoki ekvivalentligi qayd etilgan guvohnoma nusxasi;

➖ish joyidan tavsifnoma.

Arizalar 2 kun muddatda ko‘rib chiqilib, buyurtmachi bilan qonunchilikda belgilangan tartibda shartnoma rasmiylashtiriladi.

Institutda qayta tayyorlash kurslari tinglovchining asosiy ish joyidan ajralgan yoki ajralmagan holda qayta tayyorlash shakllarida (an’anaviy, masofaviy) tashkil etiladi.

Fikrlar (0)
Avval yangilari