Yangi o‘quv yilida arafasida Toshkent metrosida intervallar qisqardi (mi?)

Yangi o‘quv yili boshlanishi bilan Toshkent metrosida yo‘lovchilar oqimi, ayniqsa ertalabki va kechki tig‘iz vaqtlarda, sezilarli darajada oshishi kutilmoqda.
Toshkentdagi barcha oliy ta’lim muassasalarida birinchi smena darslari soat 08:00 dan boshlanadi. Shu sababli talabalar uchun metro qatnovini qulaylashtirish maqsadida tig‘iz vaqtlarda poyezdlar harakati oralig‘i qisqartiriladi.
Poyezdlar quyidagi oraliqlarda harakatlanadi:
– Chilonzor yo‘nalishida – 1,5–2 daqiqada;
– O‘zbekiston yo‘nalishida – 3 daqiqada;
– Yunusobod yo‘nalishida – 4 daqiqada;
– Yer usti halqa yo‘li yo‘nalishida – 7–8 daqiqada.
Bundan tashqari, 2026-yil davomida metro vagonlari parkiga 14 ta zamonaviy harakat tarkibini qo‘shish rejalashtirilgan. Hozirgacha 11 tasi yetkazib berilgan, yana 3 tasi yaqin kunlarda olib kelinishi kutilmoqda.
Talabalar va boshqa yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash uchun tig‘iz vaqtlarda barcha 50 ta metro bekatida navbatchilik tashkil etiladi.
Mas’ul xodimlar ertalabki va kechki tig‘iz vaqtlarda bekatlarda bo‘lib, yo‘lovchilar oqimini boshqarish va zarur yordam ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi. Ya’ni, yangi o‘quv yilida darsga shoshayotgan talabalar uchun Toshkent metrosida poyezdlar tez-tez qatnaydi.
Endi yo‘lovchi sifatida Siz ayting: rostan ham intervallar orasidagi vaqt metropolitan bergan ma’lumotga mosmi?