“Temurbeklar maktabi”ga qabul davom etmoqda: tartib qanday?

“Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyiga 2027/2028-o‘quv yili uchun qabul boshlandi. Nomzodlar 5-sentyabrdan 5-oktyabrgacha hujjat topshirishi mumkin.
Arizalar www.dxxtmhal.uz sayti yoki Davlat xavfsizlik xizmatining hududiy boshqarmalari orqali qabul qilinadi.
Kimlar qabul qilinadi?
“Temurbeklar maktabi”ga:
– umumta’lim maktabining 9-sinfini tamomlaganlik to‘g‘risidagi shahodatnomaga ega;
– sog‘lig‘i o‘qishga yaroqli deb topilgan;
– saralash tanlovidan muvaffaqiyatli o‘tgan;
– O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan erkak jinsidagi nomzodlar qabul qilinadi.
Chet tili sertifikati borlar uchun imtiyoz
2026/2027-o‘quv yilidan boshlab chet tili test majmuasiga asosiy fan sifatida kiritilgan “Temurbeklar maktablari”ga qabulda B2 va undan yuqori darajadagi milliy yoki xalqaro sertifikatga ega nomzodlarga chet tilidan imtihonsiz eng yuqori ball beriladi.
Umumta’lim fanlari bo‘yicha ham sertifikatga ega nomzodlarga imtiyozlar mavjud:
– A+ va A darajadagi milliy sertifikat uchun – eng yuqori ball;
– B+, B, C+, C darajadagi sertifikatlar uchun – sertifikatdagi natijaga mos proporsional ball beriladi.
Qaysi fanlar chuqurlashtirib o‘qitiladi?
Litsey ijtimoiy-gumanitar yo‘nalishga ixtisoslashgan. Bu yerda tarix, ona tili va xorijiy tillar chuqurlashtirib o‘qitiladi.
Shuningdek, o‘quvchilarga ingliz, fors, urdu, arab, xitoy, fransuz, nemis, pushtu va dariy tillari o‘rgatiladi.
Litseyda psixologiya va tarbiya, ijtimoiy fanlar, filologiya, aniq va tabiiy fanlar hamda kasbiy amaliy fanlar bo‘yicha jami 5 ta kafedra faoliyat yuritadi.
Bitiruvchilarga qanday imtiyoz beriladi?
“Temurbeklar maktabi” bitiruvchilari oliy harbiy va ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalariga kirishda qo‘shimcha imtiyozga ega.
Ular:
– oliy harbiy va ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalariga kirishda to‘plagan ballining 30 foizi miqdorida;
– respublikadagi boshqa davlat OTMlariga kirishda esa 15 foizi miqdorida qo‘shimcha ball oladi.
Bundan tashqari, imtiyozli diplom bilan bitirganlar tegishli oliy harbiy yoki ixtisoslashtirilgan ta’lim tashkilotlariga test sinovlarisiz, harbiy kasbiy saralashdan muvaffaqiyatli o‘tgan taqdirda kirish huquqiga ega.