07:35, Sentabr 11, 2026
/
5,9 тыс

Toshkentda jamoat transporti narxlari 1-oktyabrdan o‘zgaradi (yangi tariflar tasdiqlandi)

Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi poytaxt jamoat transportida (avtobus va metro) yo‘lkira haqining yangi tariflarini tasdiqlash to‘g‘risidagi qarorni qabul qildi. Hujjatga ko‘ra, yangi narxlar 2026-yilning 1-oktyabridan e’tiboran kuchga kiradi.

Kengash qaroriga muvofiq, 1-oktyabrdan boshlab poytaxtdagi umumiy foydalaniladigan transportda bir yo‘lovchi qatnovi uchun quyidagi cheklangan tariflar (QQS hisobga olingan holda) joriy etiladi:

  • Elektron to‘lov tizimi orqali: 2 500 so‘m (rag‘batlantiruvchi chegirma qo‘llanilgan holda);
  • Naqd pul orqali to‘lov: 3 000 so‘m (amaldagi narx o‘zgarishsiz qoldirildi);
  • Bagaj tashish haqi: 4 000 so‘m.

O‘tish (peresadka) tariflari va yangi paketlar

Shuningdek, hujjat bilan transport kartalaridan foydalanuvchilar uchun qatnovlar soniga bog‘liq bo‘lgan yangi tarif rejalari hamda bir soat ichida bir yo‘nalishli yo‘lovchi transportidan boshqasiga o‘tish sonidan kelib chiqqan holda imtiyozli va bepul tarif rejalari tasdiqlandi.

Toshkent shahar transport bosh boshqarmasiga ushbu qaror talablaridan kelib chiqib, ikki kun muddatda yo‘lovchi tashuvchi korxonalar bilan tuzilgan tender shartnomalariga tegishli qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish vazifasi yuklatildi.

Ushbu qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-martdagi “Jamoat transportini moliyalashtirish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-139-sonli qarori hamda qator qonun hujjatlari ijrosini ta’minlash maqsadida qabul qilingan.

Fikrlar (0)
Avval yangilari