O‘zbekiston Markaziy Osiyo talabalar sport forumiga mezbonlik qiladi

Markaziy Osiyoda ilk bor o‘tkaziladigan Talabalar sporti forumi O‘zbekistonda tashkil etiladi. Forum 29-sentyabr – 2-oktyabr kunlari bo‘lib o‘tadi.
Tadbir Xalqaro universitet sporti federatsiyasi (FISU) prezidenti Leonz Ederning O‘zbekistonga tashrifi doirasida o‘tkaziladi.
Forumning asosiy maqsadi – O‘zbekistonning talabalar sportini rivojlantirish borasidagi tajribasini xalqaro miqyosda targ‘ib qilish, sohadagi dolzarb masalalarni muhokama etish va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash.
Unda FISU rahbariyati hamda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Mo‘g‘uliston, Tojikiston va Turkmaniston talabalar sporti federatsiyalari vakillari ishtirok etishi kutilmoqda.
Shuningdek, FISU prezidenti “Besh tashabbus” olimpiadasining talabalar o‘rtasidagi sport musobaqalari ochilish marosimida qatnashadi.