08:10, Sentabr 14, 2026
/
203

Yana bir mamlakat talabalar uchun viza talablarini kuchaytirmoqda

Buyuk Britaniya Ichki ishlar vazirligi (UK Home Office) xalqaro talabalar uchun viza rasmiylashtirishda bank hisobida ko‘rsatilishi lozim bo‘lgan yashash xarajatlari) miqdorini oshirishini e’lon qildi. Mamlakat Immigratsiya qoidalariga kiritilgan tegishli o‘zgarishlar rasman tasdiqlangan bo‘lib, yangi talablar 2026-yil 30-noyabrdan e’tiboran kuchga kiradi. [aa1] 

Kiritilayotgan o‘zgarishlarga ko‘ra, Londonda ta’lim olishni rejalashtirayotgan xalqaro talabalar o‘quv kursining har bir oyi uchun avvalgi £1 529 o‘rniga £1 570 miqdorida mablag‘ ko‘rsatishlari talab etiladi. Natijada, to‘qqiz oy yoki undan ortiq davom etadigan ta’lim dasturlari uchun talab qilinadigan maksimal yashash xarajati summasi £13 761 dan £14 130 ga ko‘tariladi.
London shahridan tashqarida tahsil oluvchi talabalar uchun esa oylik £1 171 dan £1 203 ga oshiriladi. Bu esa to‘qqiz oylik umumiy talab miqdorini £10 539 dan £10 827 ga yetkazadi.
Umuman olganda, London hududidagi talabalar uchun moliyaviy ko’rsatkich £369 ga, boshqa hududlarda o‘qiydiganlar uchun esa £288 ga ortadi.

Ushbu majburiy yashash xarajatlari summasi ta’lim muassasasi kontrakti (CAS hujjatida ko‘rsatilgan to‘lovlar), viza yig‘imi hamda Immigratsion tibbiy sug‘urta (IHS) to‘lovlaridan mutlaqo alohida hisoblanadi. Talabalar viza topshirish chog‘ida ushbu har bir xarajatni mustaqil ravishda inobatga olishlari lozim.

Yangi tartib viza arizasi topshirilgan sanaga qarab qo‘llaniladi. 2026-yil 30-noyabrgacha topshirilgan barcha arizalar amaldagi eski stavkalar bo‘yicha ko‘rib chiqiladi. Ushbu sanadan e’tiboran topshiriladigan arizalarga nisbatan esa yangi oshirilgan talablar amalda bo‘ladi. Qoidalarga ko‘ra, talabalar belgilangan moliyaviy mablag‘ni viza arizasi topshirilishidan oldin o‘zlarining yoki ota-onalarining bank hisobvarag‘ida kamida 28 kun davomida uzluksiz ushlab turishlari shart.

Fikrlar (0)
Avval yangilari