O‘zbekistondagi barcha oliygohlarda Vaziyatlar markazi tashkil etiladi

O‘zbekistondagi barcha oliy ta’lim muassasalarida talabalar xavfsizligini ta’minlash va ularning davomatini nazorat qilishga xizmat qiluvchi Vaziyatlar markazlari tashkil etiladi.
Bu haqida Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Hozirda mazkur tizim Toshkent shahridagi “Yoshlik” talabalar shaharchasida sinov tariqasida ishlamoqda. Markaz orqali shaharchadagi 41 ta talabalar yotoqxonasiga kirib-chiqish va talabalarning davomatini onlayn nazorat qilish, shuningdek, huquqbuzarliklarning oldini olish imkoniyati mavjud.
“Yoshlik” shaharchasida bir vaqtning o‘zida 75 mingga yaqin talaba tahsil oladi. Shundan qariyb 17,5 ming nafari yotoqxonalarda istiqomat qiladi.
Qayd etilishicha, mazkur tajriba 2026-yil yakunigacha Toshkent shahrining boshqa tumanlariga, 2027-yilda esa O‘zbekistondagi barcha oliy ta’lim muassasalariga joriy etiladi.
Yangi tizim talabalar xavfsizligi, davomatini nazorat qilish va huquqbuzarliklarning oldini olish bilan birga, ularning yashash, bandlik va ijtimoiy sharoitlarini yaxshilashga ham xizmat qiladi.