Yangi stipendiya joriy etildi: kimlar hujjat topshira oladi?

O‘zbekistonlik iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Vatandoshlar” jamoat fondi tomonidan yangi loyiha – “Vatandosh stipendiyasi” joriy etildi. Bu faqatgina a’lo baholar uchun emas, balki O‘zbekiston taraqqiyotiga hissa qo‘shadigan real loyihalar uchun beriladigan rag‘batdir.
Stipendiya miqdori va kvotalar qancha?
Stipendiya g‘oliblarga bir martalik grant sifatida to‘lab beriladi. Ammo to‘lov miqdori ta’lim bosqichiga qarab farqlanadi:
- Bakalavriat bosqichi g‘oliblari uchun – 1000 AQSh dollari;
- Magistratura bosqichi g‘oliblari uchun – 1500 AQSh dollari.
Eslatma: Mablag‘lar milliy valyutada (so‘mda), ikki qismga bo‘lib to‘lanadi: 50% qismi g‘olib bo‘lgach 15 ish kuni ichida, qolgan 50% qismi esa oradan 6 oy o‘tib tashlab beriladi.
Dastur doirasida jami 16 ta stipendiya o‘rni ajratilgan (8 ta yo‘nalishning har biri uchun 1 tadan bakalavr va 1 tadan magistr).
Kimlar hujjat topshira oladi?
Stipendiya tanlovida qatnashish uchun nomzod quyidagi umumiy talablarga javob berishi kerak:
- O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lishi;
- Xorijiy davlatdagi rasmiy akkreditatsiyadan o‘tgan OTMda kunduzgi bo‘limda o‘qiyotgan bo‘lishi;
- Boshqa stipendiya dasturlari (masalan, “El-yurt umidi”) g‘olibi bo‘lmasligi;
- Bakalavrlar uchun: 2, 3 yoki 4-kursda o‘qiyotgan bo‘lishi (1-kurslar qabul qilinmaydi);
- Magistrlar uchun: Magistraturaning har qanday bosqichida (hatto 1 yillik dasturlarda ham) o‘qiyotgan bo‘lishi.
Asosiy talab – O‘zbekiston uchun foydali loyiha!
“Vatandosh stipendiyasi”ning eng muhim sharti – quruq nazariya emas, aniq ishlaydigan g‘oya yoki amaliyotni taqdim etishdir.
- Bakalavrlar nima topshiradi? Ular O‘zbekiston iqtisodiyoti yoki ijtimoiy hayoti uchun foydali bo‘lgan loyiha g‘oyasini (konsepsiyasini) taqdim etishlari kerak. Loyiha hali amalga oshirilmagan bo‘lishi mumkin, ammo uning qadam-baqadam rejasi va iqtisodiy asosi ko‘rsatilishi shart.
- Magistrlar nima topshiradi? Ulardan MVP (Minimum Viable Product – Minimal ishlaydigan mahsulot) talab qilinadi. Ya’ni, loyiha allaqachon qisman yoki to‘liq ishlayotganini isbotlovchi prototip, sinov natijalari, dastur namunasi yoki tadqiqot natijalari taqdim etilishi kerak.
Qaysi yo‘nalishlar bo‘yicha hujjat topshirish mumkin?
Tanlov quyidagi 8 ta ustuvor yo‘nalishni qamrab oladi:
- Axborot texnologiyalari va raqamli innovatsiyalar (AI, kiberxavfsizlik, Data Science va h.k.)
- Ekologiya va atrof-muhit
- Tibbiyot va sog‘liqni saqlash
- Muhandislik, sanoat va energetika texnologiyalari
- Qishloq xo‘jaligi va biotexnologiya
- Moliya, iqtisodiyot va biznes boshqaruvi
- Davlat boshqaruvi, huquq va xalqaro munosabatlar
- Ta’lim, ijtimoiy-gumanitar va madaniyat sohalari.
G‘olibning qanday majburiyati bor?
Stipendiya yutib olgan yoshlar fond bilan uzviy aloqada bo‘lib, o‘z bilimlari bilan ulashishlari kutiladi. G‘oliblar 1 yil davomida yiliga kamida 20 soat vaqt ajratib, quyidagi ishlarda volonyorlik yordamini ko‘rsatishlari kerak:
- Yangi nomzodlarga mentorlik (murabbiylik) qilish;
- O‘z sohasi bo‘yicha onlayn vebinar yoki master-klasslar o‘tish;
- O‘zi o‘qiyotgan davlatdagi o‘zbekistonlik talabalar va fond o‘rtasida aloqa o‘rnatishga ko‘maklashish;
- Loyihasini amalga oshirish yuzasidan 12 oydan so‘ng fondga hisobot berish.
Arizalar 30-sentyabrgacha, shu kuni ham qabul qilinadi.
Tanlov nizomi
Ariza topshirish
Ra’no Nusratilloyeva