07:40, Sentabr 16, 2026
/
285

Qirgʻizistonlik talaba qizlar qozoqlar tarixi haqidagi keskin fikrlar uchun uzr so‘radi

Ostonada almashinuv dasturi boʻyicha tahsil olayotgan qirgʻizistonlik ikki talaba qiz qozoq xalqi tarixi haqidagi bildirgan fikrlari uchun kechirim soʻradi. Ularning murojaati aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.

Voqeaga xorijlik bloger bilan toʻgʻridan-toʻgʻri efirdan olingan lavha bunga sabab boʻldi. Unda qizlar qirgʻizlar va qozoqlarning kelib chiqishi, ikki xalq urf-odatlarining oʻxshashligi hamda tarixiy voqealar haqida fikr yuritishgan edi.

Xususan, ular qozoqlar qirgʻizlardan koʻra keyinroq paydo boʻlganini, ularning madaniyati va urf-odatlarining bir qismi oʻzlashtirilganini ta’kidlashgan. Efirda, shuningdek, foydalanuvchilarning keskin e’tiroziga sabab boʻlgan Kenesari xonning bosh suyagi haqidagi fikrlar ham yangragan.

Ma’lumot o‘rnida, Kenesari xon – Qozog‘iston tarixidagi eng so‘nggi xon va milliy qahramon hisoblanadi. U 1847-yilda qirg‘iz yerlaridagi to‘qnashuvda halok bo‘lgan. Uning bosh suyagi Rossiya imperiyasi ma’murlariga topshirilgan va hozirgacha uning qayerdaligi hamda qaytarilishi masalasi qozoq jamiyati va tarixchilari uchun juda nozik va alamli mavzu sanaladi.

Shu sababli, qizlarning bu haqida qilgan “hazil” shunchaki oddiy gap emas, balki milliy xotira va qahramon ustidan kulish sifatida baholandi.

Efir parchalari tarqalgach, ijtimoiy tarmoqlarning ayrim foydalanuvchilari talaba qizlarni mamlakatdan chiqarib yuborishni talab qilishdi. Keyinchalik qizlar kechirim soʻrab video yozib olishdi.

“Qardosh qozoq xalqi, tarmoqda aytilgan barcha soʻzlarimiz uchun sizdan kechirim soʻraymiz. Biz barcha mas’uliyatni tushunib turibmiz va bu holat boshqa takrorlanmasligiga va’da beramiz”, – deyishgan ular.

Ra’no Nusratilloyeva

Fikrlar (0)
Avval yangilari