08:04, Sentabr 16, 2026
/
332

Tibbiyotda “5+1” tizimi: talabalar 1 yil to‘liq amaliyot o‘taydi

O‘zbekistonda tibbiyot va farmatsevtika sohasi uchun kadrlar tayyorlash tizimi o‘zgartiriladi. Buning uchun 2027/2028 o‘quv yilidan boshlab tibbiyot oliygohlarida ta’lim jarayoniga bir qator yangiliklar kiritiladi.

Bu haqda Prezidentning 2026-yil 10-sentabrdagi “Tibbiyot va farmatsevtika sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–191-son Farmonida belgilangan.

Qabul kvotalari ehtiyoj asosida belgilanadi

2027/2028 o‘quv yilidan tibbiyot ta’limi bo‘yicha davlat buyurtmasi parametrlari ta’lim yo‘nalishlari kesimida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.

Bunda tibbiyot va farmatsevtika sohasiga qancha mutaxassis kerakligi alohida o‘rganiladi. Qabul ko‘rsatkichlarini shakllantirishda:

– hududlarning kadrlarga bo‘lgan ehtiyoji;

– tibbiyot tashkilotlaridagi mutaxassislar talabi;

– ayrim yo‘nalishlardagi kadrlar yetishmovchiligi;

– sohaga bo‘lgan joriy va kelgusidagi ehtiyoj hisobga olinadi.

Bu jarayonda Aholi salomatligini tahlil qilish ilmiy-tadqiqot markazi tibbiyot va farmatsevtika kadrlari ehtiyojini o‘rganish bo‘yicha asosiy ishchi organ hisoblanadi.

“5+1” shaklidagi 6 yillik ta’lim joriy qilinadi

Eng muhim yangiliklardan biri – davolash ishi yo‘nalishi negizida 6 yillik “Umumiy tibbiyot” bakalavriat ta’lim yo‘nalishi joriy etilishidir.

Ta’lim “5+1” shaklida tashkil etiladi. Ya’ni talaba dastlabki besh yil davomida nazariy va amaliy bilimlarni egallasa, bitiruvchi kursda bir yil davomida to‘liq amaliyot o‘taydi.

Shuningdek, hozirda davolash ishi yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar uchun ham o‘quv jarayoni yangi moslashtirilgan o‘quv reja va dasturlar asosida tashkil etiladi.

Bitiruvchilar oilaviy shifokor bo‘lib ishlashi mumkin

Yangi tizim bo‘yicha “Umumiy tibbiyot” bakalavriatini tamomlagan bitiruvchilarga umumiy amaliyot shifokori kvalifikatsiyasi beriladi.

Ular belgilangan tartibda oilaviy shifokor lavozimida faoliyat yuritishi mumkin bo‘ladi.

Barcha tibbiyot yo‘nalishlarida uzoq muddatli amaliyot

O‘zgarishlar faqat umumiy tibbiyot yo‘nalishi bilan cheklanmaydi.

2027/2028 o‘quv yilidan boshlab tibbiyot sohasidagi barcha bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarida bitiruvchi kurs talabalari uchun to‘liq o‘quv yili davomida amaliyot o‘tash tizimi joriy etiladi.

Bu orqali talabalar diplom olishdan oldin o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ko‘proq amaliy tajriba to‘plashi ko‘zda tutilmoqda.

Stomatologiya talabalariga ham yangi imkoniyat

Stomatologiya yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar uchun amaliy mashg‘ulotlarni samarali tashkil etish maqsadida tibbiyot oliy ta’lim muassasalariga stomatologiya poliklinikalari biriktirib beriladi.

Natijada talabalar amaliy ko‘nikmalarni bevosita klinik sharoitda shakllantirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Umuman, yangi tartib tibbiyot oliygohlaridagi ta’limni amaliyot bilan yanada yaqinlashtirish, bitiruvchilarning kasbiy ko‘nikmalarini oshirish hamda hududlarda tibbiyot kadrlari ehtiyojini hisobga olgan holda mutaxassislar tayyorlashga qaratilgan.

Ilmira Alizoda

Fikrlar (0)
Avval yangilari