08:34, Sentabr 16, 2026
/
391

SamDTU qoshida Stomatologiya klinik markazi tashkil etiladi

Samarqand viloyat stomatologiya poliklinikasini Samarqand davlat tibbiyot universitetining Stomatologiya klinik markazi sifatida qayta tashkil etish taklif qilinmoqda. Bu haqidagi qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasiga joylashtirildi.

Loyihaga ko‘ra, Sog‘liqni saqlash vazirligining Samarqand shahri, Ozod Sharq ko‘chasi, 10-uy manzilida joylashgan Samarqand viloyat stomatologiya poliklinikasi universitetning Stomatologiya klinik markazi sifatida qayta tashkil etiladi. Klinik markazda xodimlar, professor-o‘qituvchilar va tadqiqotchilarning malakasini oshirish, shuningdek, ularning ilmiy salohiyatini rivojlantirishga e’tibor qaratiladi.

2026–2028-yillarda universitet kafedralari vakillari, professor-o‘qituvchilar va tadqiqotchilarga Springer, Elsevier, Web of Science hamda boshqa xalqaro ilmiy-texnik ma’lumotlar bazalaridan erkin foydalanish imkoniyatini yaratish rejalashtirilgan.

Shuningdek, professor-o‘qituvchilar va tadqiqotchilarni xalqaro ilmiy platformalarga ro‘yxatdan o‘tkazish, ma’lumotlar bazalaridan foydalanish bo‘yicha seminar va treninglar tashkil etish hamda xalqaro jurnallarda ilmiy maqolalar chop etish samaradorligini oshirish ko‘zda tutilgan.

Ijobiy taqriz olgan ilmiy maqolalarni chop etgan xodimlarni moddiy rag‘batlantirish ham rejalashtirilmoqda.

Loyihaga muvofiq, markaz xodimlarining Koreya, Turkiya, Germaniya va Rossiyadagi yetakchi klinikalarda malaka oshirishi tashkil etiladi. Buning uchun xodimlar ro‘yxati shakllantirilib, malaka oshirish jarayonlari reja-grafik asosida yo‘lga qo‘yiladi.

Bundan tashqari, o‘quv va davolash jarayonlariga xorijiy mutaxassislarni jalb etish, ularning ishtirokida masofaviy seminarlar, mahorat darslari, treninglar va vebinarlar o‘tkazish nazarda tutilgan.

Universitet professor-o‘qituvchilari hamda klinik markaz xodimlari tomonidan yangi ishlanmalar yaratish va ularni davolash hamda o‘quv jarayonlariga tatbiq etish ham rejalashtirilmoqda.

Oygul Baxtiyorova

Fikrlar (0)
Avval yangilari