08:46, Sentabr 16, 2026
/
884

Rezidentura mutaxassislari davlat granti asosida tayyorlanadi

O‘zbekistonda tor soha mutaxassislarini tayyorlash tizimi o‘zgartiriladi. Yangi tartibga ko‘ra, klinik ordinatura negizida xalqaro standartlarga mos rezidentura dasturlari bosqichma-bosqich joriy etiladi. 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab oilaviy tibbiyot yo‘nalishida ham rezidentura tashkil etiladi. Ushbu dastur bitiruvchilariga oilaviy shifokor mutaxassisligi beriladi. 2027/2028-o‘quv yilidan esa tor soha mutaxassisliklari bo‘yicha birlamchi va qo‘shimcha ixtisoslashtirish faqat rezidentura orqali amalga oshiriladi. Shu sanadan klinik ordinaturaga qabul to‘xtatiladi.

Rezidentura davlat granti asosida bo‘ladi

Yangi tizim bo‘yicha tor soha mutaxassislari davlat tibbiyot ta’lim tashkilotlari va tibbiyot muassasalarida davlat granti asosida tayyorlanadi. Davlat granti asosida rezidenturaga qabul qilinganlarga Davlat budjeti hisobidan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoriga nisbatan 2,15 koeffitsiyent miqdorida stipendiya to‘lanadi. Amaldagi hisob-kitob bo‘yicha bu 2 mln 924 ming so‘mni tashkil etadi.

Rezidentura ta’lim dasturini muvaffaqiyatli tamomlaganlarga Ta’limning xalqaro standart tasniflagichi va Milliy malakalar ramkasining 7-darajasiga mos keluvchi davlat namunasidagi diplom beriladi.

Magistraturada ham o‘zgarishlar bo‘ladi

2027/2028-o‘quv yilidan tibbiyot sohasida magistratura orqali tor soha mutaxassislarini tayyorlash amaliyoti bekor qilinadi. Bunda magistraturaga umumiy davlat buyurtmasi asosida qabul parametrlari qisqartiriladi va bo‘shaydigan mablag‘lar rezidenturada mutaxassislar tayyorlashga yo‘naltiriladi. Shu bilan birga, magistratura dasturlarining qisqarishiga qadar bo‘lgan qabul parametrlarining 20 foizgacha qismi saqlab qolinadi.

Magistraturaga oliy ma’lumotga ega, nufaqat mutaxassisligi bo‘yicha, balki turdosh sohalarda ta’lim olgan nomutaxassislarni ham qabul qilishga ruxsat beriladi. Bunday dasturlar asosan ilmiy-pedagogik va boshqaruv kadrlarini tayyorlashga xizmat qiladi.

Oilaviy shifokorlar amaliyotda tayyorlanadi

Oilaviy tibbiyot yo‘nalishidagi rezidentura talabalari Vazirlik tomonidan tibbiyot oliy ta’lim tashkilotiga biriktiriladigan oilaviy poliklinikalarda tayyorlanadi.

Bunda rezidentura talabalari bir vaqtning o‘zida ham ta’lim oladi, ham amaliyot bilan shug‘ullanadi. Oilaviy poliklinikaga biriktirilgan aholiga tibbiy xizmatlar tibbiyot oliy ta’lim tashkiloti professor-o‘qituvchilari hamda rezidentura talabalari tomonidan ko‘rsatiladi.

Shuningdek, nodavlat tibbiyot va ta’lim tashkilotlariga ham tor soha mutaxassislariga bo‘lgan ehtiyojdan kelib chiqib, o‘z mablag‘lari hisobidan rezidentura dasturlarini tashkil etishga ruxsat beriladi.

Ilmira Alizoda

Fikrlar (0)
Avval yangilari