09:05, Sentabr 17, 2026
/
4,9 тыс

Hamma institut ham “diplom beravermaydi”

Qulog‘imizga “institut” so‘zi chalinishi bilan hammamizning ko‘z oldimizga birinchi navbatda talabalar o‘qiydigan ta’lim dargohi keladi. Chunki biz azaldan institut deganda faqat oliy o‘quv yurtini tushunishga o‘rganib qolganmiz.

Ammo yangiliklarda “Oila instituti mustahkamlanmoqda”, “Fuqarolik jamiyati institutlari rivojlanmoqda” yoki “Milliy tadqiqot instituti xodimlari yangi kashfiyot qildi” degan gaplarni eshitib, ba’zan o‘ylanib qolamiz. Xo‘sh, oilaning ham instituti (oliygohi) bo‘ladimi? U yerga ham imtihon topshirib kiriladimi? Tadqiqot institutida qaysi kurs talabalari o‘qiydi?

Keling, shu o‘rinda “institut” so‘zining necha xil ma’noda ishlatilishi va ularning bir-biridan farqini oddiy tilda tushunib olamiz.

Lotin tilidan olingan “institutum” so‘zi aslida “tuzilish”, “tashkilot”, “o‘rnatilgan qoida” yoki “muassasa” degan ma’nolarni anglatadi. Bizning tilimizda esa u asosan 3 xil yirik ma’noda ishlatiladi:

1. O‘quv muassasasi sifatidagi institut (Oliygoh)

Institut – muayyan bir aniq soha bo‘yicha oliy ma’lumotli amaliy mutaxassislar tayyorlaydigan o‘quv maskanidir. Uning boshqa oliygohlardan aniq farqi bor. Masalan, universitet ko‘p tarmoqli bo‘lib, o‘zida o‘nlab turli yo‘nalishlarni jamlaydi va asosan fundamental ilm-fanga urg‘u beradi. Akademiya bitta sohada chuqurlashtirilgan ta’lim berib, ko‘proq rahbar kadrlarni tayyorlashga ixtisoslashadi. Institut esa bitta aniq tarmoq (masalan, san’at, moliya, qishloq xo‘jaligi) ehtiyojlari uchun bevosita amaliyotchi kasb egalarini yetkazib beradi. Ya’ni uning qamrovi universitetnikidan torroq, ammo amaliyotga yaqinroqdir. Hozirgi kunda O‘zbekistonda aynan “institut” maqomida faoliyat yuritayotgan mustaqil oliygohlar soni 52 tani tashkil etadi (filiallar va xorijiy OTMlar bundan mustasno).

2. Ilmiy markaz sifatidagi institut (Tadqiqot institutlari)

Ko‘pchilik nomida “institut” so‘zi borligi uchun bunday muassasalarni ham abituriyentlar hujjat topshiradigan odatiy oliygoh deb o‘ylaydi. Aslida, ilmiy-tadqiqot institutlari – talabalar darsga qatnaydigan emas, balki olimlar ishlaydigan va aniq bir sohada chuqur izlanishlar olib boriladigan ilmiy markazlardir. U yerda bakalavriat bosqichi yo‘q, ammo ilm-fanga qiziquvchilar uchun katta yo‘l ochiq: magistraturani tugatgach, aynan shu institutlarda tayanch doktorantura (PhD) va doktorantura (DSc) bosqichlarida ilmiy ish qilib, dissertatsiya yoqlash mumkin. Bularga Seysmologiya, Matematika yoki Tarix institutlarini misol qilib keltirish mumkin. Ya’ni, u yerga 1-kurs talabasi emas, tayyor mutaxassis yoki olim bo‘lib borasiz. Bugungi kunda O‘zbekistonda turli vazirliklar va idoralar tizimida yuzdan ortiq, xususan, birgina Fanlar akademiyasi tizimining o‘zida 40 dan ziyod ana shunday ilmiy-tadqiqot institutlari faoliyat yuritadi. Ularning asosiy maqsadi diplom berish emas, balki davlat ahamiyatiga molik kashfiyotlar qilish hamda ilmiy yangiliklar yaratishdir.

3. Ijtimoiy va huquqiy tushuncha sifatidagi institut (Abstrakt ma’no)

Bu so‘zning eng qiziq va ko‘rinmas, lekin jamiyat uchun eng muhim ma’nosidir. Bu kontekstda “institut” deganda g‘ishtdan qurilgan bino, moddiy muassasa yoki odamlar to‘plami emas, balki jamiyatdagi tartib-qoidalar, an’analar, huquqiy me’yorlar va munosabatlar tizimi tushuniladi. Masalan, “oila instituti” deyilganda qandaydir o‘quv markazi emas, balki er-xotin hamda farzandlar o‘rtasidagi mas’uliyat va jamiyatning mitti bo‘lagini ushlab turuvchi ma’naviy-huquqiy tartib nazarda tutiladi. Xuddi shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlari, kasaba uyushmalari va ommaviy axborot vositalarini o‘z ichiga olgan “fuqarolik jamiyati institutlari” ham xalq va davlat o‘rtasidagi muloqotni ta’minlovchi ijtimoiy mexanizmdir. Huquqshunoslikda ko‘p uchraydigan “mulk instituti” yoki “prezidentlik instituti” kabi tushunchalar ham muayyan sohani tartibga soluvchi qonunlar, huquq va vakolatlar majmuasidir. Muxtasar aytganda, bu ma’nodagi institut – jamiyatning moddiy emas, balki g‘oyaviy va huquqiy ustunidir.

Shu sabab ham “institut” so‘zini eshitganda uning kontekstda qanday ma’no ifodalayotganiga e’tibor qarating.

Ra’no Nusratilloyeva

Fikrlar (0)
Avval yangilari